Mamlakatimizda shu yil 5 mayda boshlangan fuqarolar yig`inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi yakuniga etdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq fuqarolar yig`inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini o`tkazish muddati 2016 yilning may-iyun oylari etib belgilangan edi. Saylovlarda 9 ming 764 fuqarolar yig`ini raisi va ularning 105 mingdan ziyod maslahatchisi saylandi.
Saylov jarayoni, unda fuqarolarning ishtiroki va yakunlari haqida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig`inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish va o`tkazishga ko`maklashuvchi komissiyasi a`zosi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi Jovdatxon INOG`OMOV O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi:
Saylov yakunlariga nazar tashlaydigan bo`lsak, unda 67 foiz nomzod birinchi marta saylangan bo`lsa, qolganlari qayta saylandi. Mamlakatimiz bo`yicha saylangan fuqarolar yig`inlari raislarining 865 nafari xotin-qizlardir. Saylangan mahalla raislarining 9,1 foizini 40 yoshgacha, 33,3 foizini 40-50, 54,3 foizini 50-60, 3,2 foizini 60 yoshdan oshgan kishilar tashkil etdi.
Saylovlarning 34,9 foizi yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tgan bo`lsa, qolgani ochiq ovoz berish yo`li bilan tashkil etildi. Bu demokratik saylov tizimiga xos bo`lib, xalqaro andozalarga muvofiq keladi.





