Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining xabar qilishicha, Moskva, Novosibirsk va Ufa shaharlaridagi vakolatxonalariga o`zbekistonlik mehnat migrantlaridan turli masalalar bo`yicha murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, samarqandlik R.I. Boshqirdistondagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlayotgani, ish beruvchisi hujjatlarini olib qo`ygani va sog`ligi yomonlashayotganini ma`lum qilib, yordam so`ragan.
2021 yilning avgust oyida Ufa shahriga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan surxonadaryolik B.A. salomatligi yomonlashib, mazkur shahardagi shifoxonada jarrohlik amaliyotini boshidan o`tkazgan. Moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolib, yordam so`rab murojaat qilgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidan T.G. 2021 yil may oyida oilasi bilan birgalikda ishlash uchun Novosibirskka boradi. Ish jarayonida kasal bo`lib shahar shifoxonasiga olib ketiladi. Shifokorlar umurtqa pog`onasining bo`yin qismida dorsopatiya tashxisini qo`yadi. T.G. homilador holatda voyaga etmagan farzandi bilan yashash va turar-joy uchun mablag`siz qolib ketadi va Agentlik vakolatxonasidan yordam so`raydi.
Qashqadaryo viloyatidan P.J. Samara shahriga kelib ishlagani, ammo ish beruvchi maoshini bermagani aniqlandi. Shuningdek, andijonlik T.I. va U.R. 2021 yilda Moskva viloyatiga ishlash uchun boradi. Ammo ish beruvchi tomonidan va`da qilingan ish sharoitlari yaratilmaydi, patent rasmiylashtirish uchun pasportlari olib qo`yilib, rasmiylashtirib berilmaydi hamda oylik moshlari to`liq berilmaydi. Ushbu yurtdoshlarimiz ham O`zbekistonga qaytishda amaliy yordam so`ragan.
Rossiya Federasiyasiga ishlash maqsadida borib, qiyin ahvolda qolgan fuqarolarimizga Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi tomonidan yordam ko`rsatilib, Vatanimizga olib kelindi.






