AsosiyJamiyat

Chinozda bank xodimining kirdikorlari fosh etildi

'Chinozda bank xodimining kirdikorlari fosh etildi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Chinoz tumanidagi tijorat banklaridan birining xodimi “X.A.” sodir etgan noqonuniy faoliyat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmat darakchi.uzga ma`lum qildi.

Xususan, “X.A.” mansab vakolatini suiiste`mol qilgan holda, 2020 yilda turmush o`rtog`i nomiga dehqon xo`jaligi tashkil etib, uni o`zi ishlaydigan bank ta`minotchisi sifatida ro`yxatdan o`tkazgan. 

So`ngra “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 15 nafar fuqaroga ajratilgan jami 397,3 mln. so`mlik imtiyozli kredit mablag`larini dehqon xo`jaligi hisob raqamiga o`tkazib, fuqarolarga naqdlashtirib berishi natijasida ushbu mablag`lar maqsadsiz sarflangan.

Shuningdek, “X.A.” 2021 yilda 3 nafar yaqin tanishi nomiga dehqon xo`jaliklari tashkil qilib, ularni ham bank ta`minotchisi sifatida ro`yxatdan o`tkazgan va “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 71 nafar fuqaroga ajratilgan jami 2 mlrd. 182 mln. so`mlik imtiyozli kredit mablag`larini ushbu xo`jaliklar orqali naqdlashtirib berishi natijasida mazkur mablag`lar maqsadsiz sarflangan.

Bundan tashqari, 2020 yilda 10 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz hujjatlarni soxtalashtirish yo`li bilan mini pechlar xarid qilish uchun 60 mln. so`m miqdorida kredit ajratilishiga erishgan va ularni ham o`ziga tegishli ta`minotchi dehqon xo`jaligi hisobiga o`tkazib, talon-taroj qilgan.

Hozirda “X.A.”ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167, 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar