O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari qulupnayning yangi – “Tong ifori”yi yaratdi. Ta`kidlanishicha, issiqxonada etishtirish uchun qulay bo`lgan ushbu nav respublika ichki bozori hamda eksporti uchun mo`ljallangan. Bu haqda O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vazirligi ma`lum qildi.
"Bugungi kunda O`zbekistonda ushbu mevani yil bo`yi ochiq maydonlar hamda issiqxonalarda etishtirish uchun barcha zarur sharoitlar mavjud. Bu jarayon Janubiy Koreya va Xitoy mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilib, o`zaro tajriba almashilmoqda", deyiladi xabarda.
Ilgari bozorda faqat xorijiy etkazib beruvchilardan chet el valyutasi hisobiga xarid qilinadigan yuqori hosildor import navlari bor edi. Qulupnayning “Tong ifori” navi mazkur ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining izlanishlari natijasidir. Ushbu nav ko`chatlarini Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidan xarid qilish mumkin.
“Tong ifori” navi issiqxonada etishtirishga moslashtirilgan. O`simlikning o`suv davri 193-200 kun, birinchi terimgacha bo`lgan muddat mo``tadil iqlim sharoitida 107-115 kunni tashkil etadi. Mevasining rangi och qizil, har birining vazni 20-25 grammgacha keladi. Mevasi tarkibida quruq modda miqdori 10,8 foiz (10,2-11,2), qand 9,5 foiz (7,2-7,8), askorbin kislotasi 100 g mahsulotda 66,98 (54,8-68,0) mg, nitrat miqdori 68 mg/kg. Hosildorlik ko`rsatkichi 1,8-2,2 kg/m2 dan iborat.
Bugungi kunda dunyo miqyosida rezavor mevalar etishtirish hajmi yiliga 7-8 mln tonna bo`lib, shundan 4 mln tonnaga yaqinini qulupnay tashkil qiladi. Qulupnay (Fragaria spp) etishtirish bo`yicha jahonda AQSh etakchilik qilib, yiliga 825 ming tonna hosil olinadi. Ispaniyada 305 ming tonna, Yaponiyada 209 ming tonna, Janubiy Koreyada 203 ming tonna qulupnay etishtiriladi. Evropada esa Polsha va Fransiya etakchilik qilib, ular har yili 100-180 ming tonna mahsulot oladi.
Ma`lumot uchun, bugungi kunda mamlakatimizda jami 690 gektar maydonda (578 gektar aholi tomorqa maydonlari, 112 gektar fermer xo`jaliklarida) har yili o`rtacha 7 ming tonnadan ortiq qulupnay etishtiriladi. Toshkent, Namangan, Farg`ona, Andijon, Samarqand viloyatlari esa yangi qulupnayni bozorlarga etkazib berish bo`yicha etakchi hududlar hisoblanadi.






