AsosiyJamiyat

“Andijon turmasi”dagi mahbuslardan biri vafot etdi

'“Andijon turmasi”dagi mahbuslardan biri vafot etdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqda “Andijon turmasida nima ishlar bo`ldi” sarlavhali xabar tarqalgan edi. Holat yuzasidan IIV Matbuot kotibi Shoxrux G`iyosov ma`lumot berdi.

Unga ko`ra, 21 mart kuni soat taxminan 15:00larda IIV huzuridagi JIED 3-son tergov hibsxonasida mahbus M.S. kamerada birga saqlanayotgan mahbus U.J. bilan o`zaro janjal oqibatida bir-birlariga tan jarohatini etkazgan.

Natijada, mahbus M.S. olingan jarohatlar oqibatida ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan, mahbus U.J. muassasaga qarashli kasalxonada davolanmoqda.

Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Viloyat prokuraturasi holat xususda o`rganishlar natijasida aniqlangan ma`lumotlarni ochiqladi.

Aniqlanishicha, 21 mart kuni Andijondagi 3-son tergov xibsxonasida saqlanayotgan 31 yoshli mahkum vafot etgan.

Marhumda aniqlangan tan jarohatlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, uning o`limi sabablarini fosh etish maqsadida Andijon shahar prokuraturasi tomonidan shu kuni jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar