AsosiyDunyo

Turkiyada o`zbeklar yashaydigan qishloq bor

'Turkiyada o`zbeklar yashaydigan qishloq bor'ning rasmi

Ilgari Reshadie, bugungi kunda Bo`g`rudelik deb atalgan qishloq Koniyadan 135 km, Jihanbeylidan esa 35 km uzoqlikda joylashgan.

Reshadiylarning asli buxorolik o`zbeklar hisoblanadi. Ular, XVI asrda Islom dinini o`rgatish uchun Sibirga borganlarning avlodlaridan. Ularni Turkistonda o`zbek, Sibirda Sibirek yoki Buxarinski, Turkiyada esa tatar deb atashadi. Chunki ular tatar tilida gaplashadi. Vaholanki, ular o`zbeklardir.

Ular 1590-1908 yillar oralig`ida Irtish daryosi o`tgan Omsk shahridagi Ulenkul, Jarnak, Qorago`l, Yalango`l va Kuygali qishloqlarida 400 yildan ortiq yashaydilar.

Bu vaqt mobaynida davom etgan Sibirdagi tinch hayot, XVIII asrdan keyin o`zgara boshlaydi. Chunki ruslar; ularni diniy, ijtimoiy va madaniy jihatdan o`zgarishga majbur qiladi. 1886-yilda qabul qilingan qonunga ko`ra, imom yoki qozi bo`ladigan odamlar rus tilini o`rganishlari shart bo`ladi.Musulmonlarga tegishli diniy ta`lim muassasalari yopiladi va ular o`z dinlarini o`zgartirishga majbur qilinadi. Xristianlikni qabul qilmaganlar esa surgunga yuboriladi.

Bu tazyiqlar musulmonlarni yangi choralar ko`rishga va boshqa joylarga ko`chishga majbur qildi. Abdurashid Ibrohim ko`chib ketishga qaror qilib, Rossiya hukumati va Usmoniy davlatiga murojaat qiladi.

Etti yillik harakatdan so`ng, Rossiya hukumati ko`chish ruxsatnomasini 1907 yilning qishida, Sibir sovuqlari kuchaygan paytda berdi. Turkiyaning mo``tadil iqlimi, musulmon davlati, mo`l-ko`lchilik, oziq-ovqat va mevalar ularni o`ziga tortadi. Bir tomondan “O`lsak turk bayrog`i ostida, turk tuprog`ida o`laylik, o`lmasak, sharafli birodarlarimizning yuzlarini ko`raylik” degan fikr ta`sir qilgan bo`lsa, boshqa tomondan, tug`ilib o`sgan yurtni, qarindosh-urug` va do`stlarni tashlab ketish oson bo`lmadi.

Ular, poezdda Odessagacha kelishib, paromda Qora dengiz orqali Istanbulga etib  kelishadi. Ikki oy davom etgan mashaqqatli xijrat natijasida bir necha yuz erkak va ayoldan iborat guruh, bir muddat Istanbulda qolib, keyin Koniyaga joylashishadi.

1908 yil 7 yanvarda Rumeli qochqinlari bilan birga Izmitdan poezdga chiqishgan Sibirliklar, uchta alohida guruh bo`lib Akshehir, Ilg`in va Koniyada qo`nim topishadi. Ularning bir qismi Akshehir-Yunak tuman-Meshrutiet qishlog`iga, bir qismi esa Akshehir-Bo`g`rudelik yaylovidagi davlat tomonidan qurilgan uylarga joylashtirilgan. Qishki tayyorgarlik etarli bo`lmagani uchun ular o`zlari ko`nikmagan yangi sharoitga qiyinchilik bilan ko`nikishadi.

O`sha paytda Reshadie nomi bilan atalgan Jihanbeyli tumanidagi bu erlarni chorvachilik va dehqonchilik uchun qulayligi va suvi mo`l bo`lgani uchun afzal ko`radilar. Qishloq, 1910 yilda Sulton Reshad davrida qurib bitkazilganligi tufayli uning nomi o`sha davrda Reshadie deb qayd etiladi.

Bo`g`rudelik xalqi muhojir bo`lganligi uchun harbiy xizmatga mas`ul bo`lmasa ham, hukumat ulardan askar olmagan bo`lsada, Bo`g`rudelikdan o`ttizga yaqin kishi o`z ixtiyori bilan urushga ketadi va ularning ko`pchiligi shahid bo`ladi. O`sha davrlarda Reshadie aholisi, etim va faxriylarga berilgan nafaqalarni olmasdan davlat xazinasiga qaytarib bergan.

Abdurashid Ibrohim 1925-1933 yillar oralig`ida qishloqda yashab, ko`plab odamlarga ilm bergan. Mehmet Hakim O`g`uz uning birinchi va asosiy shogirdlaridan biri hisoblanadi.

Abdurashid Ibrohimning o`sha davrga oid qo`lyozma yozuvlari va xatlari hali ham saqlanib qolgan. Bosh vazir Adnan Menderesning uchuvchisi Munir O`zbek ham shu qishloqdan chiqqan.

    Boshqa yangiliklar