Adliya vazirligi ushbu savolga oydinlik kiritdi. Ta`kidlanishicha, “Ichki ishlar to`g`risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq, ichki ishlar organi xodimi quyidagi hollarda elektroshok qurilmalarini qo`llash huquqiga ega:
- fuqaroga yoki ichki ishlar organi xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;
- jinoyatga yoki ma`muriy huquqbuzarlikka chek qo`yishda;
- ichki ishlar organi xodimiga qarshilik ko`rsatilishiga chek qo`yishda;
- jinoyatni sodir etish chog`ida yoki uni sodir etganidan keyin darhol ko`rib qolingan, yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;
- ushlab turilgan shaxslarni va qamoqqa olingan, ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarni olib borish, qo`riqlab borish va qo`riqlashda, shuningdek qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki o`ziga zarar etkazishini bartaraf etish maqsadida;
- fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa g`ayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qo`yishda.
Kimlarga nisbatan elektroshok qurilmalarini qo`llab bo`lmaydi?
Elektroshok qurilmalarini:
- homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga;
- nogironlik belgilari ko`rinib turgan shaxslarga;
- yoshi aniq ko`rinib turgan yoki ma`lum bo`lgan voyaga etmaganlarga nisbatan qo`llash taqiqlanadi.
Bundan ularning qurolli qarshilik ko`rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog`lig`iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo`lib hujum qilganligi hollari mustasno.
Elektroshok qurilmalarini qo`llash shartlari
Elektroshok qurilmalarini qo`llanilishidan avval ularni qo`llash niyati to`g`risida aniq ifodalangan ogohlantirish bo`lishi kerak.
Faqatgina, ushbu ogohlantirishning imkoni bo`lmagan yoxud ularning qo`llanilishini kechiktirish fuqarolarning va ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog`lig`iga bevosita xavf tug`diradigan hamda boshqa og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo`lgan hollar mustasno.
Elektroshok qurilmalarini qo`llanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo`lishi kerak. Bunda ichki ishlar organi xodimi har qanday zararning imkon qadar kam bo`lishiga intilishi shart.
Elektroshok qurilmalarini qo`llanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam ko`rsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam ko`rsatish choralari ko`rilishi, ularning qarindoshlari esa 24 soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.
Mazkur vositaning qo`llanilishi uchinchi shaxslarning hayoti, sog`lig`iga xavf tug`dirmasligi va mol-mulkiga zarar etkazmasligi kerak.
Elatib o`tamiz, Marhamatda homilador ayolga elektroshoker bilan hujum qilgan shaxs qo`lga olingan edi.
Farg`onada tibbiyot xodimi fuqaroni elektroshoker bilan vahshiylarcha urgan edi.






