Avval xabar qilganimizdek, kecha, 24 mart kuni Toshkent shahridagi Congress Hall’da Toshkent xalqaro investisiya forumi o`z ishini boshladi.
Forumda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov O`zbekistonni raqamli rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar hamda xorijiy investorlar, jumladan, xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyat va istiqbollar haqida gapirdi.
Bugun dunyo to`rtinchi sanoat inqilobi ostonasida turibdi. Shuni hisobga olib, respublikada “Sanoat 4.0” rivojlantirish bosqichiga o`tish bo`yicha keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O`zbekiston Respublikasi kabi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar uchun raqamlashtirish o`sishning yangi dvigatelini topish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizasiya qilish uchun misli ko`rilmagan imkoniyat yaratadi. Shu maqsadda hududlar va tarmoqlarni raqamli rivojlantirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni o`z ichiga olgan “Raqamli O`zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.
O`z nutqida AKT vaziri Sh.Shermatov O`zbekistonni xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun jozibador qiladigan asosiy afzalliklarni qayd etdi.
AKT vaziring so`zlariga ko`ra, O`zbekiston inson kapitali ko`rinishidagi qimmatli boylikka ega. Ayni paytda O`zbekistonda 35 million aholi istiqomat qilsa, ularning 18 millioni, ya`ni umumiy aholining 60 foizdan ortig`ini 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar tashkil etadi. Dastlabki prognozlarga ko`ra, 2030 yilga borib O`zbekiston aholisi allaqachon 40 million kishini tashkil etadi, agar bu tendensiya davom etsa, ularning 24 millionini yoshlar tashkil qiladi.
Bu aholining ko`pchiligi mehnatga layoqatli yoshda bo`lgan demografik dividend bosqichi deb ataladi. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli aholi savodli va kamida ikkita chet tilini (ingliz va rus) biladi.
“Bugungi kunda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishga jiddiy e`tibor qaratilmoqda. 2000 yillarda O`zbekistonda yuzga yaqin IT-mutaxassis bo`lgan bo`lsa, bugungi kunda bu ko`rsatkich 50 mingga etdi. 2030 yilga borib ularning sonini bir million kishiga etkazish bo`yicha keng ko`lamli vazifa qo`yildi”.– dedi Sherzod Shermatov.
IT-mahsulotlar va xizmatlar eksporti izchil ortib bormoqda. Shunday qilib, 2021 yil yakuniga ko`ra, IT-eksport hajmi 46 million dollarga etdi, bu 2020 yilga nisbatan (16 million dollar) ikki baravar ko`pdir. Joriy yil oxirigacha bu ko`rsatkich 100 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda, 2028 yil oxirigacha esa bu ko`rsatkichni 1 milliard dollarga etkazish rejalashtirilgan. Asosiy IT eksport bozorlari: AQSh (83,3 foiz), Buyuk Britaniya (5,2 foiz), Rossiya (3,2 foiz), Koreya Respublikasi (2,1 foiz) va BAA (1,1 foiz).
Muhim afzalliklar qatorida IT-biznes uchun imtiyozlarni ham qayd etish mumkin. U O`zbekistondagi IT-kompaniyalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etadi. Xususan, IT-Park rezidentlari hisoblangan IT-kompaniyalar 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan. IT-kompaniyalar eksport faoliyatini amalga oshirishda O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lmagan xodimlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatiga ega.
IT Park rezidentlari qaerda joylashgan bo`lishidan qat`i nazar, butun mamlakat bo`ylab o`z faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi ham bekor qilingan.
Xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun yanada katta qulayliklar yaratish maqsadida “IT-viza” berish tartibi tasdiqlandi. “IT viza” olish uchun minimal miqdordagi hujjatlar talab qilinadi va bu jarayon 3 kun davom etadi. O`zbekistonga ko`chib o`tmoqchi bo`lgan IT-kompaniyalar ham zarur infratuzilma bilan ta`minlanadi.
Shuningdek, O`zbekistonning mintaqadagi qulay geografik o`rni, bu tufayli respublika Markaziy Osiyodagi bog`lovchi IT xabga aylanishi mumkinligini ham ta`kidlash lozim.
Ta`kidlanishicha, bugungi kunda IT Park 500 dan ortiq rezidentlarga ega, ularning 15 foizi yirik global va mahalliy kompaniyalardir. 2025 yilga kelib yirik va o`rta IT-kompaniyalarni faol jalb qilgan holda rezidentlar sonini ming nafarga etkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ular O`zbekistonda o`z bizneslarini kengaytirish uchun ofis xonalari va jihozlar, kamida olti oylik ijara haqi, kommunal xizmatlar, internetga ulanish xarajatlari ko`rinishida investisiyalar bilan ta`minlanishi mumkin. BPO kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan BPO maktablari ham yaratilmoqda.
Yakunda AKT vaziri Sh.Shermatov O`zbekistonda o`z faoliyatini amalga oshirish istagida bo`lgan barcha investorlar va xorijiy IT-kompaniyalarga amaliy yordam ko`rsatishga tayyorligini bildirdi.






