Yosh xonanda Hojiakbar Haydarov “Do`lana” qo`shig`ini kuylagach, keskin tanqidlarga uchradi. Qo`shiqqa suratga olingan klip ham kutilgan natijani bermadi. Unda suratga tushgan aktyorlar O`zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov va Tesha Mo`minovlar ham “Do`lana” klipining ssenariysidan bexabar bo`lgani,unda suratga tushganidan afsuslanganini aytgan edi.
“Daryo” nashri Hojiakbar Haydarovdan ustoz aktyorlar klip yuzasidan uning o`ziga e`tiroz bildirganiga aniqlik kiritdi.
“Klipda suratga tushishga rozilik bildirishgani, vaqtlarini ayamaganliklari uchun ustozlarimizga katta rahmat. Lekin, to`g`risi, ular nima uchun bunday fikrlar bildirishganiga menda aniq bir javob yo`q”,—deydi xonanda.
“Ular siz bilan ko`rishib yoki telefon qilib, e`tiroz bildirishdimi?” degan savolga javoban u shunday dedi:
“Yo`q, hech kim menga e`tiroz bildirmadi. Ustozlarimizning so`zlarini faqat gazeta orqali o`qidim, xolos”.
Eslatib o`tamiz, bundan avval O`zbekiston xalq artisti Erkin Komilov “Do`lana” da suratga tushganidan afsusda ekanligini bildirgan edi.





