Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent tumanida ko`cha soliqchilari Chimkent yo`lini to`sib, janjal qilishmoqda” izohi bilan video xabar tarqatildi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur holat Toshkent tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan o`rganilib, ko`rilgan choralar natijasida gumonlanuvchilar ushlangan.
Kecha 24 dekabr kuni soat taxminan 01:30da 20-33 yosh orasidagi uch nafar shaxs Toshkent tumani “Chimkent yo`li” ko`chasida joylashgan oziq-ovqat do`koniga xarid uchun kirishadi.
Ular do`konga kirganda tuman “Sirg`ali” mahallasida yashovchi 25-31 yosh orasidagi uch nafar yoshlar bilan o`zaro navbat talashib, janjallashib qoladi. Do`kondan chiqqach aholi tinchligini buzib, yo`lning qatnov qismida bir-birlarini avtotransport vositalarini siqib to`xtatib, janjalni davom ettirishadi.
Mazkur holatda yuzasidan Toshkent tuman IIB TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, janjalda ishtirok etgan olti nafar shaxs JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan.
Janjal vaqtida ikki haydovchidan boshqa shaxslar mastlik holatida bo`lgan. Hozirda holat yuzasidan qo`shimcha surishtiruv ishlar olib borilmoqda.






