Prezident Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodining ochilish marosimida nutq so`zlamoqda.
"Avvalo, siz, azizlar bilan boy va qadimiy tarixga ega bo`lgan, ulug` alloma va sarkardalarni voyaga etkazgan saxovatli Qashqadaryo zaminida ko`rishib turganimdan g`oyat mamnunman.
Bugun, Yangi yil arafasida ushbu qutlug` vohada mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan ulkan voqeaga guvoh bo`lish barchamizga cheksiz quvonch bag`ishlaydi.
O`z bag`rida noyob boyliklarni asrab kelayotgan G`uzor tumanida suyultirilgan sintetik mahsulotlar ishlab chiqaradigan GTL zavodi ishga tushirilmoqda.
Albatta, bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish bo`yicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasi, desak, to`g`ri bo`ladi", dedi davlatimiz rahbari so`zining avvalida.
Bundan tashqari Prezident Shavkat Mirziyoev "Yangi O`zbekistonning iqtisodiy qudrati va salohiyati aynan mana shunday majmualarda yaqqol namoyon bo`lishini ta`kidladi.
Majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo`lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg`isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Ushbu mahsulotlar hisobiga yiliga 500 million dollarlik import o`rni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion so`mlik soliq tushumlari ta`minlanadi.
"Alohida ta`kidlash kerak, biz 300 million dollarlik gazni qayta ishlab, uni qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta bo`lgan tayyor mahsulotlarga aylantiramiz", - dedi davlatimiz rahbari.






