So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda lisenziyaga ega bo`lmagan bir qator tashkilotlar o`zlarini nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari sifatida targ`ib qilish holatlari uchramoqda.
Ayni shu sabab Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bayonot bilan chiqdi.
"Xususan, ko`pchilik “Valley Innovative University”, Samarqand–Koreya xalqaro universiteti, Angren–Koreya xalqaro universiteti, Xalqaro Evropa universiteti va boshqa shu kabi muassasalar tomonidan berilgan diplomlar O`zbekistonda oliy ta`lim muassasasi diplomi sifatida tan olinadimi, deb murojaat qilmoqda",-deydi inspeksiya matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ularning ayrimlari hattoki xorijda ta`lim olayotgan o`zbekistonliklarga ham imtihonsiz o`qish ko`chirish bo`yicha va`dalar bermoqda.
Shu o`rinda, Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yuqorida nomi keltirilgan ta`lim tashkilotlari O`zbekistonda oliy ta`lim xizmatlarini ko`rsatish huquqini beruvchi hech qanday lisenziyaga ega emasligini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, Ta`lim inspeksiyasidan oliy ta`lim xizmatlari ko`rsatish uchun lisenziya olmagan nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar tan olinmaydi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi Qonunining 29-moddasiga asosan, nodavlat ta`lim tashkilotlari lisenziya olingan kundan e`tiboran ta`lim faoliyati bilan shug`ullanishga haqlidir.
Nodavlat ta`lim tashkilotlariga lisenziya berish Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish sohasidagi faoliyatni lisenziyalash tartibi to`g`risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
O`z navbatida ta`kidlanishicha, so`nggi yillarda nodavlat ta`lim tashkilotlari soni bir necha barobarga oshib, davlat va nodavlat ta`lim tashkilotlari o`rtasida, shuningdek, nodavlat ta`lim tashkilotlari o`rtasida o`zaro sog`lom raqobat muhiti shakllanmoqda.
"Fuqarolarimizning yuqoridagi kabi holatlarda aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida Ta`lim inspeksiyasi rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali oliy ta`lim xizmatini ko`rsatish bo`yicha lisenziya olingan nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari haqida muntazam tarzda ma`lumot berib kelinmoqda",-deyiladi xabarda.
Quyidagi havolalar orqali lisenziya olgan nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari bilan tanishing:
Eslatib o`tilishicha, tegishli lisenziyaga ega bo`lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditasiyadan o`tmagan ta`lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjatlar nafaqat O`zbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi.






