AsosiyJamiyat

Ekspert xulosasi: “Omikron” dunyodagi eng yuqumli virus turiga aylanmoqda

'Ekspert xulosasi: “Omikron” dunyodagi eng yuqumli virus turiga aylanmoqda'ning rasmi

Bugun dunyo yana bir global xatar bilan ro`baro` kelgan. Ehtiyot choralari qanchalik kuchaytirilmasin, koronavirusning “omikron” shtammi sarhadlarni “tan olayotgani” yo`q.  

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining JSSTning navbatdagi hisobotidan keltirishicha, yangi variant aniqlangan mamlakatlar soni 106 taga etdi. Eng yomoni, ushbu mutasiya “delta”ga nisbatan ancha tez tarqalmoqda.  

Masalan, dunyoda “omikron”dan ilk o`lim holati bundan 10 kuncha avval Buyuk Britaniyada qayd etilgandi. Hozirga kelib bu mamlakatda ushbu variant bilan xastalanib vafot etganlar soni 14 nafarni tashkil etyapti.  

Germaniya sog`liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax yangi shtamm tarqalishi tufayli hududda pandemiyaning beshinchi to`lqini boshlanganini rasman e`lon qildi.  

Ammo mazkur xastalik o`chog`i bo`lgan Janubiy Afrika Respublikasida buning aksi kuzatilyapti: mamlakatda “omikron” aniqlangan davrda “COVID-19”ga chalinish holatlari qanchalik shiddatli tusda ortgan bo`lsa, hozir xuddi shu sur`atda pasayish qayd etilmoqda. Mutaxassislar buni Janubiy Afrikada eng yuqori cho`qqidan o`tildi, deb izohlashyapti.  

Shunga qaramay, AQShning  “Akron Beacon Journal” nashri “omikron” qizamiqdan keyin dunyodagi eng yuqumli virusga aylanganini yozdi. “Blumberg” nashri esa koronavirus, xususan, yangi shtammni yuqtirish xavfi samolyotda 2-3 baravar oshadi, degan xulosani e`lon qildi.  

Binobarin, rossiyalik olimlar o`rganishlariga ko`ra, “omikron”ning inkubasiya davri odatda 3-6 kunni tashkil qiladi. Biroq kasallikning ilk belgilari bemor bilan aloqa qilgan kunning ertasiga ham paydo bo`lishi mumkin.

Qolaversa, ushbu mamlakat tadqiqotchilari yangi shtamm, ayniqsa keksa yoshli emlanmagan shaxslar orasida og`irroq kechishini aytishmoqda. To`liq va qo`shimcha dozada olingan vaksinalar esa inson organizmining bu virus turiga qarshi kurashish samaradorligini oshiradi.  

 

    Boshqa yangiliklar