Sirdaryo viloyati hokimi G`ofur Mirzaevning Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Xovos tumaniga suv ta`minoti uchun ajratilgan 7 million dollardan ortiq mablag` talon-toroj qilingani haqida gapirgani muhokama qilinmoqda.
"O`zsuvta`minot" AJ viloyat hokimining suv ta`minoti uchun ajratilgan 7 mln dollar o`zlashtirilgani haqidagi bayonotini rad etdi.
Ma`lum qilinishicha, 2016 yil 23 avgust kuni "Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suvi bilan ta`minlash" loyihasini amalga oshirish bo`yicha shartnoma rasmiylashtirilgan edi.
Xalqaro tender komissiyasining bayonnomasiga asosan pudratchi sifatida Turkiyaning "Alke Insaat Sanayi ve Ticaret" kompaniyasi g`olib deb topildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun jami 7 mln. 310 ming dollar pul ajratilgan edi. Loyiha xabarda aytilayotganidek Osiyo taraqqiyot banki emas, balki Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan bo`lib, bunda Jahon banki tomonidan 6 mln. 250 ming dollar, O`zbekiston tomonidan esa 1 mln. 060 ming dollar ajratilgan.
Ushbu mablag`lar talon-taroj qilinmay, pudratchi tomonidan loyihada ko`zda tutilgan barcha ishlar bajarilgan. Xususan, pudratchi tomonidan subpudratchi "Mega-Mebiko" qo`shma korxonasi bilan birgalikda "Sirg`ali" suv inshootidan Xovos tumanining "Oqchangal" aholi yashash punktigacha 28 km masofaga diametri 700 mm bo`lgan shisha tolali quvurlar yotqizilib, qurilish-montaj ishlari 2019-yilning iyun oyida tugatildi.
Biroq, bugungi kunda quvurlar suv bosimini ko`tara olmayotgani tufayli tarmoqda bir qancha sizgichlar paydo bo`lgan. Bu esa, o`z navbatida, aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta`minlash imkonini bermayapti.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda:
birinchidan, shisha tolali quvurlarni polietilen quvurlarga almashtirish masalasi ko`rib chiqilmoqda;
ikkinchidan, mazkur obekt “O`zsuvta`minot” AJ balansida turmayotganligiga qaramasdan, aksiyadorlik jamiyati mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan ta`minlash bo`yicha amaliy ishlar olib bormoqda;
uchinchidan, aksiyadorlik jamiyati pudratchi va quruvchi tashkilotlarga quvurlardagi havo chiqarish uskunalarini yangisiga almashtirish ishlarida amaliy yordam ko`rsatib kelmoqda;
to`rtinchidan, ayni paytda mazkur holat bo`yicha tegishli idoralar tomonidan o`rganish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






