Bugun, 23 dekabr kuni xalq deputatlari Uychi tuman Kengashining navbatdan tashqari qirq to`rtinchi sessiyasi bo`lib o`tdi.
Sessiyada viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazaqov tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanib kichik sanoat zonalarida yangi ish o`rinlari yaratish, mahallada ish boshlayotgan hokim yordamchilari faoliyati Uychi tajribasi sifatida namuna bo`lishi, bu borada faollar hamjihatlikda ish yuritishlarini alohida ta`kidladi.
Sessiyada tumanning yangi hokimini tayinlash bilan bog`liq tashkiliy masala ko`rildi.
Tumanning sobiq rahbari Muhammadzokir Jo`raboevich Mamatxonov salomatligi tufayli o`z arizasiga ko`ra tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.
Namangan viloyati hokimining qarori hamda tuman Kengashi deputatlari tasdig`i bilan Shuhrat Mirsodiqovich Musaev Uychi tumani hokimi etib tayinlandi.
Shuhrat Mirsodiqovich Musaev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha ishlab chiqilgan “Yo`l xaritasi”ni tuman Kengashida taqdimot qildi.
Sessiyada ko`rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shuhrat Mirsodiqovich Musaev 1973 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug`ilgan. Ma`lumoti oliy, 1996 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan.
U 2021 yil fevral oyidan Namangan viloyati hokimining o`rinbosari — Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig`i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Ma`lumot uchun, kecha 22 dekabr kuni Namangan viloyatining uchta tumaniga yangi hokim tayinlangan edi.






