Hukumat qarori (767-son, 21.12.2021 y.) bilan Xalqaro pochta va kurerlik jo`natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, xalqaro pochta jo`natmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.
Xalqaro kurerlik jo`natmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish:
- temir yo`l va avtomobil transporti orqali etkazishda – maxsus belgilangan bojxona postlarida;
- havo transporti orqali etkazishda – xalqaro aeroportlar yoki ularga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlari tomonidan transport tashkilotlari vakillariga jo`natmalar topshirilishi bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida amalga oshiriladi.
Keltirilgan jo`natmalar pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida ochiladi.
Jo`natmalar orqali yuborilgan tovarlar bo`yicha bojxona to`lovlari vakolatli shaxs tomonidan to`lanadi.
Mazkur Nizom qoidalari yozma xat-xabarlarga (mayda paketlardan tashqari) nisbatan tatbiq etilmaydi.






