Yangi yil bayrami arafasida yo`lovchilarga yanada ko`proq qulaylik hamda ichki turizmni rivojlantirishda qo`shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida “O`zbekiston temir yo`llari” AJ 2021 yil 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha “Toshkent-Buxoro-Toshkent” yo`nalishida 770/769-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poezdlarining qatnovini yo`lga qo`yadi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Hozirgacha faqat haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari soat 09:02 da Toshkent markaziy temir yo`l vokzalidan harakatini amalga oshirib kelayotgan 770-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poezdi, 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha har kuni soat 09:02 da “Toshkent-Buxoro” yo`nalishida qatnovini amalga oshiradi.
Shuningdek, 769-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poezdi ham 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha har kuni soat 15:02 da “Buxoro-Toshkent” yo`nalishida qatnovini amalga oshiradi.
Ushbu poezdlar Samarqand, Navoiy temir yo`l vokzallarida ham to`xtab o`tadi. Bundan tashqari bayram kunlari barcha yo`lovchi poezdlarga qo`shimcha vagonlar ham ulanadi.






