AsosiyJamiyat

Bog`cha-maktab-oliygoh... Yaponiyaning ta`lim korporasiyasi Farg`ona shahrida shulardan iborat zamonaviy majmua barpo etadi

'Bog`cha-maktab-oliygoh...  Yaponiyaning ta`lim korporasiyasi Farg`ona shahrida shulardan iborat zamonaviy majmua barpo etadi'ning rasmi

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Yaponiyaning “Yamanashi Gakuin” ta`lim korporasiyasi boshqaruvi vakillari Daiji Yamada va Samuel Tanni qabul qildi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda viloyatdagi ta`lim sifatini oshirish, Yaponiya tajribasini tadbiq qilish masalalari, hamkorlikda ta`lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilingan.

"O`tgan kuni bo`lib o`tgan xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida taqdim etgan murojaatnomasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ta`lim sohasidagi ilg`or xorijiy tajribalarni o`rganish borasida alohida to`xtalib, bolalarni kichikligidan mehnatga, o`zaro hurmatga, intizomga, odob-axloqqa o`rgatishga asoslangan yapon ta`lim tizimi bunda ustuvor yo`nalish ekanini qayd etgandi",-deya eslatib o`tiladi xabarda

Ta`kidlanishicha, Yaponiyaning Yamanasi shahrida joylashgan “Yamanashi Gakuin” ta`lim majmuasi an`anaviy yapon madaniyati va qadriyatlariga asoslangan, zamonaviy maktabgacha ta`lim muassasasi, o`rta maktab, kollej va universitetdan iborat bo`lib, e`tiborli jihati ushbu ta`lim muassasalari bitta yaxlit kichik shaharchadan iborat. Bolalar bog`cha yoshidanoq maktab va universitet muhitini his etib borishadi, katta yoshdagilar bilan muloqot qilish hamda fikr almashinish imkoniyatiga ega bo`lishadi. Kattaga hurmat, kichikka izzat kabi qadriyatlar singib boradi, bolalarning ijtimoiylashuvi oson kechadi.

Shuningdek, qayd etilishicha, uchrashuvda Farg`ona shahrida Yapon ta`lim tizimiga asoslangan maktabgacha ta`lim muassasasi va umumta`lim maktabi tashkil etish, mamlakatimizda rejalashtirayotgan Asnaro universitetini ham ushbu ta`lim majmuasiga joylashtirish loyihasi muhokama qilingan.

Yaponiyaliklar maktabgacha ta`lim muassasasi va umumta`lim maktabi loyihasi uchun 10 million dollargacha investisiya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirib, bu loyihani mahalliy hokimiyat bilan davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yoki viloyat tadbirkorlari bilan hamkorlikda amalga oshirish taklifini ilgari surishgan..

Viloyat hokimi, ushbu loyiha har tomonlama qo`llab-quvvatlanishini ta`kidlab, yaponiyaliklar taklifini viloyat tadbirkorlari bilan har tomonlama muhokama qilish hamda xususiy biznesning ishtiroki imkoniyatlari o`rganish, natijadan kelib chiqqan holda davlat-xususiy sheriklik tamoyilida loyihani amalga oshirish masalasini ko`rib chiqilishini ma`lum qilgan.

Tomonlar yangi ta`lim majmuasini Farg`ona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida joylashtirish borasida o`zaro hamfikr bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar