Joriy yilning 17 dekabr kuni Urgut tumani IIBga fuqaro E.I. ariza bilan murojaat qilib, 16 dekabr kuni o`ziga tegishli, oq rangli "Damas" rusumli avtomashinasini ko`chada qarovsiz qoldirganligini, ushbu mashina noma`lum shaxs tomonidan olib qochilganini aytadi. Ta`kidlanishicha, fuqaro o`z mashinasini "Chorchinor" mahallasida yo`l-transport hodisasiga uchrab, transport vositasi hodisa sodir bo`lgan joyga tashlab ketilganligini ko`radi.
Ta`kidlanishicha, jinoyat ishi bo`yicha hodisa sodir bo`lgan joyni ko`zdan kechirish davomida, "Damas" rusumli transport vositasidan olingan qo`l barmoq izlari kimga tegishli ekanligini aniqlash maqsadida, Samarqand viloyati IIB Ekspert kriminalistika bo`limiga sudga-oid daktiloskopik ekspertiza tayinlanib, ekspertiza xulosasiga ko`ra, mazkur qo`l barmoq izlari Urgut tumanida yashovchi, 2000 y.t. fuqaroga tegishli ekanligi aniqlanadi.
Qayd etilishicha, ushbu shaxs viloyat hamda tuman IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushlangan.
"Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda",- deyiladi Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabarida.






