Toshkentda yo`nalishsiz taksi xizmati ko`rsatiladigan harakat tarkibi to`liq elektromobillarga o`tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Toshkent shahar transporti va yo`l-transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasida belgilangan.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda Toshkent shahrida yo`nalishsiz taksi faoliyati orqali yo`lovchilarga taksi xizmatini ko`rsatish uchun engil avtomobillarda yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanish lisenziyasiga ega bo`lgan engil avtomobillar soni 11 000 dan ko`p bo`lib, taksi avtomobillarining tasarruf muddati o`rtacha 15 yilni tashkil etadi.
Konsepsiyaga ko`ra, Toshkent shahrida yo`nalishsiz taksi faoliyatini rivojlantirish, yo`lovchilarga sifatli, qulay, arzon va xavfsiz transport xizmati ko`rsatish, mazkur xizmat turini raqamlashtirish hamda ilg`or xorijiy tajriba va axborot texnologiyalarini joriy qilish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish belgilangan:
• yo`nalishsiz taksi xizmatida faoliyat ko`rsatuvchi harakat tarkibiga qo`yiladigan talablarni belgilovchi yagona davlat standartlarini ishlab chiqish;
• yo`nalishsiz taksi faoliyatini tartibga soluvchi me`yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;
• yo`nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirayotgan avtotransport vositalarining tasarruf muddatini cheklash;
• yo`nalishsiz taksi xizmatini to`liq elektromobillar va boshqa ekologik toza, “yashil” transport turlariga bosqichma-bosqich o`tkazish;
• yo`nalishsiz taksi haydovchilari to`g`risidagi barcha ma`lumotlarni o`zida jamlagan ID-kartalarni joriy qilish va ularni tegishli davlat organlari elektron axborot bazalariga integrasiyalashni ta`minlash;
• yo`nalishsiz taksilarning harakatini masofadan onlayn kuzatish va nazorat qilish tizimini joriy qilish;
• haydovchini yo`nalishga chiqish oldidan kunlik tibbiy ko`rikdan va transport vositasini texnik ko`rikdan o`tkazish bo`yicha elektron tizimni joriy etish;
• yo`nalishsiz taksi xizmati faoliyatiga ruxsat beruvchi lisenziya varaqalarining amal qilish hududini belgilash;
• imkoniyati cheklangan fuqarolarga maxsus moslamali (pandus) taksi xizmatini yo`lga qo`yish;
• aholi gavjum joylarda, vokzal va aeroportlarga tutash hududlarda alohida yo`nalishsiz taksi to`xtash joylarini tashkil qilish;
• Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining talablaridan kelib chiqib, ziyorat turizmining yanada jozibadorligini oshirish maqsadida, yo`nalishsiz taksilarda hamda buyurtma asosida xizmat ko`rsatadigan transport vositalarini turlarini (“Standart”, “Biznes”, “Ekonom”, “Komfort”) joriy qilish.
Loyiha 2022-2025 yilga mo``jallangan






