AsosiyJamiyat

Yulduz Usmonovaning advokati “Xasta bo`lma” qo`shig`i "hech kim tanimaydigan" shoirni xalqqa tanitganini da`vo qilmoqda

'Yulduz Usmonovaning advokati “Xasta bo`lma” qo`shig`i "hech kim tanimaydigan" shoirni xalqqa tanitganini da`vo qilmoqda'ning rasmi

Kecha Toshkent shahar sudida shoir Yo`lchi Ro`ziev va O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o`rtasidagi navbatdagi apellyasiya sudi bo`lib o`tdi.

Sud jarayoni 11.00 ga belgilangan, biroq ish 12.30 da boshlangan. Ma`lumotlarga ko`ra, Yulduz Usmonovaning o`zi sudga kelmagan. Uning nomidan esa advokati qatnashgan. Ma`lum bo`lishicha, Shoir Yo`lchi Ro`ziev suddan jurnalistlar va blogerlar ishtirok etishini, sud jarayoni OAV tomonidan yoritib borilishini iltimos qilgan. Biroq Usmonovaning advokati bunga rozi bo`lmagan. Apellyasiya sudlov hay`ati ham shoirning iltimosini rad etgan. Shu bois sudda OAV ishtirokiga ruxsat berilmagan.

Yulduz Usmonovaning advokati e`tiroz sifatida bir masalani ko`tarar ekan, quyidagicha so`zlagan:

“Usmonova uning she`rini qo`shiq qilib aytganligi uchun, shoir aslida ma`naviy jihatdan foyda ko`rgan, ya`ni unda o`ziga ishonchi paydo bo`lgan. Yulduz Usmonova qo`shiqni aytib shoirni aslida uni elga tanitgan, ungacha shoirni hech kim tanimas edi. Shuning uchun shoir ma`naviy zarar ko`rganligi noto`g`ri”.

Mazkur da`voga Yo`lchi Ro`ziev keskin e`tiroz bildirgan. Chunki Ro`zevning ta`kidicha, she`rdan mualliflik huquqini buzgan holda faoydalanganligi shoirning zarariga ishlagan. Shuningdek, keyingi jarayonlarda Usmonovaning advokati tomonidan taklif qilingan 3 nafar guvoh eshitilgan. Qizig`i, ularning barchasi xonandaga qaysidir jihatdan yaqin kishilar bo`lib, uchalasining bergan ko`rsatmalari ham da`vogar, ya`ni shoir Yo`lchi Ro`zievni rad etgan. Shunday bo`lsa ham, sudlov hay`ati jarayon davomida taraflarga kelishuv bitimi tuzishlari mumkinligini eslatib o`tgan. Taraflar suddan tashqari kelishuv tuzishga harakat ham qilishgan, biroq o`rtadagi kelishuv summa tufayli amalga oshmagan.

Sud jarayonida, shoir tomoni ham, xonanda tomoni ham ish uchun dalil bo`luvchi videoyozuvlar aks etgan disklarni taqdim etgan. Sud mana shu dalillarni atroflicha o`rganib chiqish uchun tanaffus e`lon qilgan.

Ma`lumot uchun, keyingi sud jarayoni 2022 yil 11 yanvar kuni, soat 12.00 gabelgilangan.

 

    Boshqa yangiliklar