Ijtimoiy tarmoqda "Malibu" rusumli 01 010VSG davlat raqam belgili maxsus xizmat avtomobili bo`yicha o`z muddatida bartaraf qilinmagan 11 ta qarzdorlik holatlari keltirilgan xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB mas`ul xodimlari tomonidan surishtiruv o`tkazildi. Surishtiruvga ko`ra, ushbu avtomobil bilan bog`liq bo`lgan, 2 ta holatda sodir etilgan qoidabuzarlik holatlari yuzasidan jarimalar o`rnatilgan tartibga ko`ra undirish choralari ko`rildi.
Shuningdek, 9 ta holatdagi belgilangan jarimalar bo`yicha viloyat IIBB YHXB navbatchilik qismining qayd etish kitobi bilan solishtiruvlarga ko`ra, kechiktirib bo`lmas vazifalarni bajarish, kuzatuv ishlarini amalga oshirish jarayonida qayd etilganligi ma`lum bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 17 prim 1 moddasining beshinchi xatboshisi (Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo`l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar maxsus foto- va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo`lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma`muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va ma`muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi) hamda 271-moddasi birinchi xatboshisining to`rtinchi kichik bandiga muvofiq mazkur 9 ta qoidabuzarlik bo`yicha qarorlar bekor qilindi.
Ushbu keltirib o`tilgan "Malibu" rusumli, 01 010VSG davlat raqam belgili avtomobil maxsus transport vositasi ekanligi, tezkor, kechiktirib bo`lmas vaziyatlarda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sharti bilan Qoidalarning VII bob (38-bandidan tashqari), IX — XVI, XIX–XX boblari, 1 va 2-ilovalari talablaridan chetga chiqishga ruxsat berilishini inobatga olish maqsadga muvofiqdir.






