17-22 dekabr kunlari Moskva shahrida “Moskva premerasi” III Hamdo`stlik mamlakatlari filmlari xalqaro festivali bo`lib o`tadi. Festival 2003 yildan buyon o`tkazib kelinadi. 2019 yilda forum xalqaro maqomga ega bo`lgan. Festival doirasida bir nechta gala-premeralar va tanlovdan tashqari dasturlar bo`lib o`tadi.
Festivalning tanlov dasturida rejissyor Dante Rustav tomonidan suratga olingan "Bosqin" (Invasion) va Sherzod Nazarovning "Ipak yo`lida" qisqa metrajli filmlari namoyish etiladi.
Gala-premera dasturiga ko`ra O`zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasi bilan suratga olingan rejissyor Rashid Malikovning "Tutqunlik" filmi namoyish etiladi. Joriy yilning noyabr oyida "Tutqunlik" filmi “Volokolamsk chegarasi” xalqaro kinofestivali doirasida o`tkazilgan badiiy filmlar tanlovining gran-pri sovrinini qo`lga kiritgan. Film syujeti real voqealarga asoslangan bo`lib, Yaqin Sharqdagi vatandoshlarimizni urush hududidan olib chiqish maqsadida tashkil etilgan "Mehr" operasiyasiga bag`ishlangan.
Eslatib o`tamiz, qayta tiklangan “Ipak yo`li durdonasi" Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o`tkazilgan “Kino 5 kunda” tanlovida yosh rejissyor Sherzod Nazarovning “Ipak yo`lida” filmi gran-pri mukofotini qo`lga kiritgan edi. Dante Rustavning "Bosqin" qisqa metrajli filmi esa Olmaota shahrida bo`lib o`tgan "Baiqonyr" VI Xalqaro festivalining hakamlar hay`ati maxsus mukofotiga sazovor bo`lgan.






