AsosiyJamiyat

O`zbekistonda tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash yo`lga qo`yildi

'O`zbekistonda tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash yo`lga qo`yildi'ning rasmi

So`zlash, eshitish, ko`rish, hid va ta`m bilish, harakatlanish, imo-ishoralar hamda boshqa sezgi organlarimiz faoliyati bosh miyamizda joylashgan 12 juft nerv orqali boshqariladi. Insonning ushbu a`zosi 100 milliard neyron va trillion hujayralardan tashkil topgan. Bu ma`lumotlar markaziy asab tizimi kasalliklari muolajasida miyaga tig` tekkizish naqadar murakkab amaliyot ekanligini anglatadi.

Neyroxirurgiya — ayni shu faoliyat, ya`ni miya va orqa miya, shuningdek, uning periferik bo`limlarini operasiya orqali davolash bilan shug`ullanuvchi jarrohlik sohasi.

— Hozirgi kunda bu yo`nalishda mamlakatimiz bo`yicha tug`ma nuqson bilan tug`ilish, umurtqa pog`onasi degenerativ-distrofik kasalliklari hamda markaziy nerv tizimi qon tomirlari xastaliklari eng yuqori o`rinlarni egallaydi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori G`ayrat Kariev. — Joriy yilning o`tgan davrida  muassamizda ana shunday bemorlarda 2401 ta operasiya o`tkazildi.

Joylardagi 11 ta hududiy filialimizda esa 81 turdagi neyroxirurgik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Ularning 50 foizgacha qismini yuqori texnologik operasiyalar tashkil etyapti. Bundan tashqari, hududlardagi davolash muassasalarining neyroxirurgiya bo`limlarida ham shunday muolajalar yo`lga qo`yilgan. Natijada markazimizga murojaat qiluvchilar soni o`tgan yilga nisbatan ikki barobar kamaydi.

Shuningdek, markazimizda turli og`riq sindromlarini operasiyasiz va asoratsiz bartaraf etadigan Radiochastotalik ablyasiya davolash uskunasi ishga tushirildi. Endovaksulyar jarrohlik amaliyoti, intraoperasion neyromonitoring imkonini beruvchi neyrofiziologik usuldagi muolajalar yo`lga qo`yildi.

E`zoza Mamasolieva — 8 yosh. Poytaxtimizning Sergeli tumanida yashaydi. Yaqinda oyoqlarida harakat cheklanishi, o`ng oyoq gipotrofiyasi, bel va oyoqlardagi kuchli og`riq shikoyati bilan markazga murojaat qilgan. Bemorga tizimli tekshiruvlar asosida markaziy nerv tizimining tug`ma nuqsoni, orqa miyaning ko`krak qismi diastematomieliya va tetring-sindromi tashxisi qo`yildi.

Shundan so`ng unda to`liq mikroskop ostida, intraoperasion neyromonitoring yordamida murakkab jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. Operasiyadan keyin E`zozaning umumiy ahvoli yaxshilandi va nevrologik o`choqli belgilar yo`qoldi.

Qolaversa, bu erda joriy yildan boshlab tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash yo`lga qo`yildi. Masalan, Qozog`iston Respublikasidan murojaat qilgan 31 yoshli Gulbol Aymaxonova shunday xastalikdan aziyat chekardi. Markazning malakali shifokorlari tomonidan unda yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. Operasiyadan so`ng bemorda nevrologik asoratlar, epileptik tutqanoq hurujlari kuzatilmadi. Bu esa O`zbekiston neyroxirurgiyasidagi muhim yangilikdir.

    Boshqa yangiliklar