Koronavirusning yangi shtammi dunyo bo`ylab qanchalik tez tarqalayotgan bo`lsa, jahon olimlari ham bu mutasiyaning xavfli tomonlari, xususiyatu asoratlarini shunday shiddat bilan tadqiq etmoqda. Natijada “omikron” haqida kuniga yangidan-yangi ma`lumot va xulosalar paydo bo`lyapti.
Masalan, JSSTning COVID-19ga qarshi kurashish bo`yicha maxsus vakili Devid Nabarroning qayd etishicha, ushbu shtamm bilan kasallanish holatlari har 2-3 kunda ikki barobar ortib borayotir.
Xavotirli jihati, bu boradagi ko`rsatkichlar bir hafta ichida 8 barobar oshishi mumkin. Ikki haftadan so`ng esa vaziyat 40 barobar xavfliroq tus olishi ehtimoli katta.
O`shanda bunday o`ta murakkab epidemiologik holat, eng avvalo, Buyuk Britaniya sog`liqni saqlash tizimini juda tang ahvolga solib qo`yadi. Evropa, qolaversa, jahonning boshqa mamlakatlari ham pandemiyaning yangi to`lqinidan katta zarar ko`radi.
Aslida, Buyuk Britaniyada hozirning o`zidayoq ahvol tashvishlanarli. 15 dekabr holatiga ko`ra, bu erda koronavirus bilan kunlik kasallanish holatlari qariyb 78 mingtaga etgan.
Yaqinda Buyuk Britaniya Sog`liqni saqlash vaziri Sajid Javid mamlakatda “omikron” qayd etilgan bemorlar soni 4,7 ming nafarni tashkil etayotganini ma`lum qilgan edi. Oradan 3 kun o`tib bu ko`rsatkich 10 mingtaga etdi.
Shunga qaramay, mutaxassislar vaksinasiya samarasiga katta umid bog`lashyapti. Xususan, qo`shimcha dozada emlanganlar “omikron”dan ishonchli himoyalanishi yoki ularda kasallik engil o`tishi aytilyapti.






