AsosiyDunyo

Seulda Alisher Navoiy haykali ochildi

'Seulda Alisher Navoiy haykali ochildi'ning rasmi

Joriy yil 16 dekabr kuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakat poytaxti – Seul shahri markazida ulug` o`zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali ochildi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Dunyoning yana bir go`zal shahrida atoqli ajdodimiz xotirasiga tiklangan ko`rkam yodgorlikning ochilish marosimi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi va davlatimiz rahbarining mazkur mamlakatga davlat tashrifiga bag`ishlandi.

Tantanali tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vaziri Agrepina Shin, Oliy Majlis deputati Viktor Pak, shuningdek, O`zbekiston va Janubiy Koreya jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Navoiy hazratlarining yangi yodgorligi poyiga ilk bor gulchambarlar qo`yildi.

Ma`lumot uchun: Bugungi kunga qadar Alisher Navoiy haykali dunyoning Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, O`sh, Dushanbe kabi shaharlarida o`rnatilgan. 

    Boshqa yangiliklar