So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar tomonidan maktablarda sport zallari yo`qligi masalasi ko`tarilib, unda Xalq ta`limi vazirligi ushbu muammodan bexabarligi aytilmoqda.
Mazkur xabarlar yuzasidan Xalq ta`limi vazirligi munosabat bildirdi. Ta`kidlanishicha, maktablardagi sport zallari bilan bog`liq muammolar Xalq ta`limi vazirligiga yaxshi ma`lum.
"Qayd etish joizki, so`nggi yillarda ushbu yo`nalishda mavjud muammolarni hal etish borasida ko`plab ishlar amalga oshirilgan bo`lib, bugungi kunda ajratilayotgan mablag`lar doirasida bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Buni quyidagi raqamlardan ham ko`rish mumkin: 2017-2021 yillarda jami 296 ta sport zallari yangidan qurilgan bo`lsa, 604 ta mavjud sport zallar ta`mirdan chiqarilgan.
Biroq shunga qaramay, bugungi kunda Respublikada mavjud 10130 ta umumta`lim maktablaridan 7885 tasida (78 foiz) sport zallari mavjud, qolgan 2245 ta maktabda sport zallari umuman mavjud emas. Mavjud sport zallaridan 358 tasi rekonstruksiyaga va 2078 tasi mukammal ta`mirga muhtoj.
Maktablarda sport zallari bilan bog`liq muammolar haqida avval ham Xalq ta`limi vazirligi bir necha bor ma`lumot bergan.
Xabaringiz bor Davlatimiz rahbari o`z saylov oldi dasturida ta`lim sohasida amalga oshiriladigan ishlarni eng muhim ishlar sirasiga kiritar ekan, kelgusi yillarda eng katta harakat – maktab, maktab, yana bir marta maktab bo`lishini, maktab rivojlansa, hamma soha bo`yicha rivojlanish bo`lishi hamda kelgusi besh yilda qo`shimcha 1,2 million o`quvchi o`rni yaratish uchun, maktablar rekonstruksiya qilinib, yangidan barpo etilishini qayd etgan edi.
Hukumatning tegishli topshirig`iga ko`ra, hududlardagi holatni manzilli o`rganish maqsadida turli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tashkil etilib va ular tomonidan bugungi kunda Respublikaning barcha hududlarda mavjud talablar o`rganilmoqda. Ushbu jarayonda maktablarga sport zallari ham qurilishi rejalashtirilgan", - deyiladi vazirlik Matbuot xizmati taqdim etgan munosabatda.






