“Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperasiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–52, 15.12.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan:
-fermer, dehqon xo`jaliklari va boshqa mahsulot etishtiruvchilarga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko`katlar va dorivor o`simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni etishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kredit ajratiladi;
- meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – etishtirilgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag`larni to`ldirish uchun yillik 14 foiz stavkada 12 oylik “revolver” kredit beriladi.
Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg`armaga 2 trln so`m byudjet ssudasi ajratiladi.
2022 yil 1 martdan:
➖ meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperasiyalar) va fermer xo`jaliklariga – eksport shartnomasi mavjud bo`lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug`urtalash xizmatidan foydalanganda to`langan sug`urta mukofotining 50 foizi, biroq sug`urta pulining 1 foizdan ortiq bo`lmagan qismi qoplab beriladi;
➖ meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperasiyalarga) – xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo`jaligi vazirligining tuman bo`limlari orqali kompensasiya qilinadi.






