AsosiyJamiyat

“Bolalarga bering dunyoni” va “Konstitusiya – mening nigohimda” tanlovlari g`oliblari taqdirlandi

'“Bolalarga bering dunyoni” va “Konstitusiya – mening nigohimda” tanlovlari g`oliblari taqdirlandi'ning rasmi

2021 yil 15 dekabr kuni Toshkent shahrida 20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni hamda 8 dekabr – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kunga bag`ishlangan “Bolalarga bering dunyoni” va “Konstitusiya – mening nigohimda” tanlovlari g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`ldi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi. 

Onlayn tanlovlar Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda  O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Bolalarga bering dunyoni” tanloviga o`quvchi-yoshlar tomonidan jo`natilgan 500 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq g`olib va sovrindorlar aniqlandi. 

Xususan, “Bola huquqlariga oid eng ta`sirli videorolik” yo`nalishi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi to`garagi a`zosi Beksultan Nzamatdinov birinchi o`ringa loyiq deb topildi.

Shuningdek, “Bola huquqlariga oid eng ma`noli chizilgan rasm” yo`nalishi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi to`garagi a`zosi Gulasen Allanova birinchi o`ringa sazovor bo`ldi.

O`z navbatida, “Konstitusiya – mening nigohimda” onlayn tanloviga mamlakatimizning barcha hududlaridan o`quvchi-yoshlar tomonidan jo`natilgan  700 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq g`olib va sovrindorlar aniqlandi. 

Birinchi o`rin Namangan viloyati, Davlatobod tumani, 58-umumiy o`rta ta`lim maktabining 7-sinf o`quvchisi Saidkomil Komiljonovga nasib etdi.

Tanlov g`oliblari sertifikat va qimmatli sovg`alar, jumladan, planshet, telefon, smart-soatlar bilan taqdirlandi.  Tanlovda faol ishtirok etgan o`quvchi-yoshlar ham sertifikat va kitoblar to`plami sohiblariga aylandilar.

Mazkur tanlovlar bolalarning o`z huquq va erkinliklarini, Konstitusiyani bilish darajalarini namoyon qildi. “Konstitusiya – mening nigohimda” onlayn tanlovi yoshlarning Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardor ekanini ko`rsatdi. Eng muhimi, bolalarimizning huquqiy bilimlarini oshirish va bu boradagi ko`nikmalarini rivojlantirish istagi kuchli ekani yaqqol namoyon bo`ldi.

Tanlov ishtirokchilari va g`oliblari tomonidan ta`kidlanganidek, har ikki tanlov yurtimiz yoshlarida katta taassurot qoldirdi va ularning o`z huquqlari va Konstitusiya to`g`risidagi bilimlarini yaxshilashga xizmat qildi. Shuning uchun bunday tanlovlar kelgusida ham o`tkazilishi maqsadga muvofiqdir.

 

 

    Boshqa yangiliklar