O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Respublikasi mustaqilligiining 30 yilligi munosabati bilan mamlakat Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboev va Prezident Qasim-Jomart Toqaevga qutlovlar yo`llab, ularga va qardosh Qozog`iston xalqiga o`zining eng ezgu tilaklarini bildirgan.
Maktublarda o`tgan davr mobaynida mamlakatda barqaror o`sishni ta`minlashga qaratilgan tizimli va keng qamrovli islohotlar natijasida bugungi kunda do`st Qozog`iston davlati barcha sohalarda yuksak taraqqiyotga erishayotgani qayd etilgan.
"Asrlar davomida xalqlarimiz o`rtasida davom etib kelayotgan o`zaro ahillik, do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlari so`nggi yillarda yanada mustahkamlanib borayotgani bizni ayniqsa quvontiradi", deb ta`kidladi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz joriy yil 5-6 dekabr kunlari Qozog`istonga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida kechgan ochiq va sermahsul muzokaralarni alohida qayd etdi.
Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risida imzolangan deklarasiya, samarali muloqot mexanizmlarini yaratish tashabbuslari, qator yirik qo`shma loyihalar bo`yicha erishilgan muhim kelishuvlar, kelgusi yilning mamlakatimizda Qozog`iston yili deb e`lon qilinishi, hech shubhasiz, yaqin do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi aloqalarimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirgan.
Maktublar yakunida Elboshi Nursulton Nazarboev va Prezident Qasim-Jomart Toqaevga sihat-salomatlik, tuganmas kuch-quvvat va yangi zafarlar, birodar Qozog`iston xalqiga esa tinchlik-omonlik, farovonlik, baxtu-saodat va doimiy taraqqiyot tilaklari izhor etilgan.






