Ijtimoiy tarmoqlar orqali "Mutasaddilar nega jim: Farg`ona viloyatidagi madaniy meros ob`ektlaridan 9 tasi avariya holatida" mazmunidagi tarqatilgan xabar yuzasidan Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, shu bo`yicha Farg`ona viloyati Madaniy meros boshqarmasining mutaxassislari o`rganish ishlarini olib borgan.
Ma`lum bo`lganki, hozirgi kunda viloyatdagi yillar davomida tabiiy ta`sirlar va er yuzasidan chuqurlikda er osti suvlarining paydo bo`lishi natijasida 14 ta ob`ekt ta`mirtalab ahvolda.
"Mazkur holatda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyuldagi PQ-5150-sonli qaroriga asosan madaniy asrashga doir ishlarni rejalashtirish va amalga oshirishning barcha bosqichlarini ilmiy-texnik tadqiq etish uchun tashkil etilgan Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi majlisining 2021 yil 25 noyabrdagi 1-sonli Bayoniga asosan viloyatdagi ta`mirtalab va yaroqsiz holga kelib qolgan Marg`ilon shahridagi Utti tut, Jahr, Safed to`da, Ervohid buva, Qoziyo, Dumba jo`sh masjidlari, Qo`qon shahridagi Hammom binosi, Xurjun madrasasi, Bosmaxona binosi, Mahalla masjidi, Furqat tumanidagi Shoto`ra masjidi, Beshariq tumanidagi Botirxon Eshon ziyoratgohi, Buvayda tumanidagi Boyazid Bastomiy ziyoratgohi hamda Quva shahridagi Quva shahristoni arxeologiya yodgorligi kabi ob`ektlarning ilmiy-texnik holati o`rganilib, ushbu yodgorliklar 2022 yilda asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan ob`ektlar ro`yhatiga kiritilib, ushbu ob`ektlar bo`yicha tayyorlangan dalolatnomalar, texnik topshiriqlar, to`plangan materiallar bo`yicha loyihalar ustida ishlanmoqda",-ta`kidlanadi xabarda.
Ma`lumot uchun aytilishicha, Farg`ona viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarrufidagi 376 ta moddiy madaniy meros ob`ektlarini ro`yxatga olish, muhofaza qilish va ularni asrash borasida tizimli ishlar yo`lga qo`yilganini keltirib o`tiladi. Shuningdek, 2019-2021 yillar davomida 14 ta tarixiy binolar, masjid va ziyoratgohlarda ta`mirlash-tiklash ishlari olib borilgan. Ko`hna Qo`qon zaminidagi Xudoyorxon o`rdasi, Norbo`tabek, Miyon Hazrat, Dasturxonchi madrasalari, Jome masjidi, Rishtondagi Sohibi Xidoya ziyoratgohi, Uchko`prik tumanidagi Shox Salim maqbarasi, O`zbekiston tumanidagi Mo`yi muborak ziyoratgohlari shular jumlasidanligi aytiladi.






