AsosiyJamiyat

Denovdagi «Indenim» savdo majmuasining portlash sababi aniqlandi

'Denovdagi «Indenim» savdo majmuasining portlash sababi aniqlandi'ning rasmi

Surxondaryo viloyati hokimligida Denov tumanidagi “Indenim” savdo majmuasida sodir bo`lgan noxush holat sabablari muhokama qilindi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati ma`lum qildi.

Majlisda "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta`minoti filiali direktori M.Mansurov holat bo`yicha izoh berdi.

Ma`lum qilinishicha, tekshiruvlarda 2013-yilda qurilgan «Indenim» savdo majmuasining ostida Denov tumani hokimligi qozonxonasini gaz bilan ta`minlaydigan erosti o`rta bosimli gaz quvuri o`tkazilgani aniqlangan.

Uning qo`shimcha qilishicha, amaldagi qurilish normalari va qoidalariga ko`ra, inshootning xavfsizligi va ishonchliligini ta`minlash uchun Savdo majmuasi o`rta bosimli gaz quvurining xavfsizlik zonasini hisobga olgan holda qurilishi kerak edi.

Shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq, ushbu muhofaza zonasi binoning poydevoridan 4 metr masofani tashkil etishi lozim bo`lgan.

«Indenim» savdo majmuasi gaz quvurining aynan o`zida qurilgani sababli er ostidagi kommunikasiyalar sozligini tekshirish uchun kirish yo`li bo`lmagan. O`tkazilgan tekshiruvlarda majmua ostida hosil bo`lgan daydi toklar metall quvurlarning tashqi korroziyasiga va gaz quvurida nuqsonlar paydo bo`lishiga olib kelgan. Bu esa o`z navbatida gaz sizib chiqishiga va gaz-havo aralashmasining chaqnashiga sabab bo`lganini ma`lum qildi.

"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta`minoti filiali direktori izohini tinglagan viloyat rahbari, viloyatda nechta noturar ob`ekt shu tartibda gaz tarmog`iga ulanganini so`radi. 25 ta ob`ekt shu tartibda gaz tarmog`iga ulangani bo`yicha javobni olgach, zudlikda ushbu ob`ektlarni gaz tarmog`idan uzish hamda viloyatdagi ijtimoiy soha ob`ektlarini inventarizasiyadan o`tkazib, noqonuniy holatlar aniqlansa, ularni ham gaz tarmog`idan uzish va havfsiz jihozlarga almashtirish yuzasidan tuman hokimining qurilish ishlari bo`yicha o`rinbosarlari va gaz  idoralari rahbarlariga topshiriq berdi.

To`ra Bobolov shuningdek, mazkur holat tafsilotlarini ommaviy axborot vositalari orqali aholiga ochiq-oydin ko`rsatish bo`yicha mas`ullarga vazifa yukladi.

    Boshqa yangiliklar