AsosiyJamiyat

100 tadan ortiq tumanning “Fuqarolar tashabbusi jamg`armasi”ga respublika byudjetidan qo`shimcha mablag`lar ajratilmoqda

'100 tadan ortiq tumanning “Fuqarolar tashabbusi jamg`armasi”ga respublika byudjetidan qo`shimcha mablag`lar ajratilmoqda'ning rasmi

Yalpi majlisda “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga o`zgartishlar kiritish  haqida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Ta`kidlanganidek, Qonunning asosiy maqsadi 2021 yilda qabul qilingan dasturlar va qarorlardagi ustuvor vazifalar ijrosini ta`minlash va ularning moliyalashtirish manbalarini aniqlashdan iborat.

Qonun bilan byudjet mablag`larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag`larning cheklangan miqdorlariga o`zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Davlat maqsadli jamg`armalari daromadlari prognozi hamda xarajatlari, shuningdek, respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag`larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag`larning cheklangan miqdorlari oshirilmoqda.

Shu maqsadda “Fuqarolar tashabbusi jamg`armasi”da shakllangan miqdori 1 mlrd so`mgacha bo`lgan hamda kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo`lgan tumanlarga (shaharlarga) respublika byudjetidan qo`shimcha 117 mlrd 400 mln so`m mablag` ajratilmoqda.

Muhim ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlariga qo`shimcha 300 mlrd so`m mablag` ajratilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, shu jumladan, infratuzilma ob`ektlarini qurish, mukammal ta`mirlash va jihozlash uchun qo`shimcha 200 mlrd so`m mablag` ajratilmoqda.

Bundan tashqari, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo`yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlarni qoplash bo`yicha markazlashtirilgan jamg`armaga qo`shimcha 50 mlrd so`m transfertlar yo`naltirilmoqda.

Qonunning ma`qullanishi respublika byudjetidan mablag` ajratish, mahalliy byudjetlardan ushbu maqsadlarga sarflanishi nazarda tutilgan mablag`larni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yo`naltirish imkonini yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar