"Qo`yliq" bozori boshqa joyga ko`chirilishi haqidagi xabarlar bozor orqasidan tirikchilik o`tkazib yurganlarning e`tiroziga sabab bo`ldi.
Shundan so`ng "Qo`yliq" dehqon bozori direktori o`rinbosari Qodirjon Normirzaev bozor buzilishi yoki ko`chishi haqida xat yoki og`zaki topshiriq berilmaganini ma`lum qildi.
Bektemir tumani hokimi Mahamadziyaev Tapil Ravshanovich esa bozorni bosqichma-bosqich ko`chirmasa bo`lmasligini ta`kidlamoqda.
"Food City Bektemir tumani hududida joylashgan, shu tumanga qaraydi — bu bir. Ikkinchidan, u erda shundoq sharoitlar yaratilganki, bunaqasi, kerak bo`lsa, o`zimizning Ecobozor’da ham yo`q. Qo`yliqda asfaltga o`tirib sotgandan ko`ra o`sha erda olib borib sotgan ma`qul. Kadastri borlarga, hamma ziyoni davlat tomonidan qoplab beriladi, yuz foiz.
"Narx-navolar o`sib ketmaydimi?" degan savolga quyidagicha javob beraman: Food City’da katta, 6x4 metrli 4 ta monitor bor, bitta aylantirishi 100 million so`m. U bozorga qo`shimcha daromad olib keladi. Biz "foydangni shundan olasan, pattachidan emas, sotuvchiga tegmaysan", deb 3 oy sotuvchilardan patent puli olmaslik sharti bilan kelishdik.
Hokim sifatida emas, bir fuqaro sifatida aytaman: oxirgi paytlar bozorga tushsak, doim bir narsaga turtilib, bir joyga yiqilib, tan jarohati olishimiz aniq-da. O`zim ham o`sha joydan bozor qilaman, majburman shunga. Lekin uni bosqichma-bosqich ko`chirmasak bo`lmaydi" — dedi hokim.






