Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Qarshi tumani “Dasht” harbiy texnikalarni temir yo`l platformalariga ortish-tushirish temir yo`l bekati yangidan qurilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, ushbu “Dasht” temiryo`l bekati qurilguniga qadar harbiy texnikalar shaharning triband ko`chalaridan o`tgan 21 kilometrlik masofani bosib o`tishiga to`g`ri kelardi. Endilikda harbiy qism va bekat oralig`i 7 kilometrni tashkil etib, 14 kilometr masofa qisqarishiga erishildi.
Sohada olib borilayotgan bu kabi ko`plab islohotlar zaruriy vaziyatlarda harbiy texnikalarni po`lat ulovlarda tez va sifatli tashish imkoniyatini yaratadi.
Tadbir davomida texnikalarni temiryo`l platformalariga yuklash va tushirish amaliyoti namunali ko`rsatib berildi.






