AsosiyJamiyat

Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o`z ishini boshladi

'Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o`z ishini boshladi'ning rasmi

Kecha, 14 dekabr kuni “O`zekspomarkaz” Milliy ko`rgazmalar majmuasida O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o`z ishini boshladi.

Yarmarkaning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasi rahbariyati, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari, shuningdek, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining ma`lum qilishicha, yarmarkada 3185 ta sanoat va hududiy korxonalar qatnashmoqda hamda taqdim etilgan mahsulotlar assortimenti 5169 ta tovar pozisiyasini tashkil qiladi.

S.Umurzakov tadbirni ochar ekan,  O`zbekistonda ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali sanoat salohiyatini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirishga alohida e`tibor qaratilayotganini va bu borada mamlakat hukumati samarali choralar ko`rayotganini ta`kidlagan.

Mazkur yarmarka ham ana shunday chora-tadbirlardan biri bo`lib, mahalliy tadbirkorlar o`rtasida kooperasiya aloqalarini mustahkamlash, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni ko`paytirish, mahalliy xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish va ish o`rinlari yaratishga qaratilgani qayd etiladi.

    Boshqa yangiliklar