Farg`ona shahrida “Central Asia Motors” kompaniyasi tomonidan engil va yuk elektromobillari ishlab chiqarish zavodi barpo etilmoqda.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 50 million AQSh dollari bo`lib, Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo`ljallangan Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” dagi qarorida 2022 yil dekabr oyida ishga tushirilishi va 350 ta yangi ish o`rinlari tashkil etilishi belgilangan.
Lekin ijtimoiy tarmoqlarda mazkur loyiha 2021 yil dekabr oyida ishga tushirilishi haqida noto`g`ri xabarlar tarqalib, jamoatchilikni chalg`itmoqda. Ushbu loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun mahalliy hokimlik tomonidan 2021 yil 1 iyun oyida 13 824 m2 sobiq mexanika zavodi binosi topshirilgan bo`lib, hozirgi kunda ajratilgan bino-inshootlar tubdan rekonstruksiya qilindi, kapital tamirdan chiqarildi.
Korxona o`z faoliyatini joriy yilning iyun oyidan boshlaganiga qaramay, qisqa vaqt ichida loyihaning birinchi bosqich uskunalarining 40 foizi olib kelinib, dastlabki montaj ishlari amalga oshirildi. Aslida bu darajadagi katta loyihalar dunyo miqyosida 2-3 yil davomida amalga oshiriladi. Loyiha tashabbuskorlari mazkur loyihani 1,5 yil ichida amalga oshirishni rejalashtirilgan.
Kompaniya vakilining O`zA muxbiriga ma`lum qilishicha, pandemiya sharoitida yuz bergan logistika muammolariga qaramay, Respublikamizda milliy elektromobillarni ishlab chiqarish bo`yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha belgilangan muddatda ishga tushirilishi ta`minlanadi.






