AsosiyJamiyat

Prezident hududlarda yo`l, internet va mobil aloqani yaxshilab, xizmatlar sifatini 3-4 baravar oshirish bo`yicha topshiriq berdi

'Prezident hududlarda yo`l, internet va mobil aloqani yaxshilab, xizmatlar sifatini 3-4 baravar oshirish bo`yicha topshiriq berdi'ning rasmi

Ayni daqiqalarda prezident Shavkat Mirziyoev raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yil rejalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. Yig`ilish ushbu sohalardagi kamchiliklarni ko`rsatib o`tish bilan boshlandi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.

Ma`lum qilinishicha, joriy yilda 18 trillion so`mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o`sgan. Lekin, 5 ta tuman va shaharda 10 foizdan ham kam o`sish kuzatilgan (Quvada – 5 foiz, Marg`ilon,Beshariq, Taxiatoshda – 6 foiz, Dang`arada - 7 foiz).

Umuman olganda, mas`ullar masalaning ichiga kirib, “mahallabay” ishlamagani oqibatida, aholiga xizmat ko`rsatish darajasi pastligicha qolmoqda. Masalan, Boysun bilan Mirishkorda qanday xizmatlarga talab bor, Marg`ilon, Ohangaron yoki Namangan, Samarqandda qaysi xizmatlar “drayver” bo`ladi, degan savollarga aniq rejalar bo`lishi zarur”, - dedi davlat rahbari.

Bundan buyon xizmatlar 158 ta qishloq tumanlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, rivojlantiriladi. Eng avvalo, yirik turistik ob`ektlari mavjud 45 ta hamda 40 ta tog`li va tog`oldi tumanda “tayyor loyiha” (pod klyuch) asosida, turizm xizmatlari yo`lga qo`yiladi.

Masalan, Shahrisabz tumanining “Navro`z”, “Miraki”, “Oqdaryo” va “Hisor” hududlariga yiliga 500 mingga yaqin sayyohlar keladi. Lekin, yo`l, mobil aloqa va Internet, mehmonxona, umumiy ovqatlanish infratuzilmasi rivojlanmagani bois, sayyohlar bir kunga kelib, ularga o`rtacha 150 ming so`mlik xizmat ko`rsatilmoqda. Agar 60 milliard so`m evaziga, ushbu hududdagi 65 kilometr yo`lni ta`mirlab, Internet va mobil aloqa hal qilib berilsa, xizmatlar 3-4 barobarga oshadi. Bu orqali 45 ta qishloqda 2 mingta mehmon uyi, 5 ta mehmonxona, 100 ta ovqatlanish va savdo shoxobchalarini tashkil etsa bo`ladi.

Xuddi shunday, Qamashida jahonda sanoqli va noyob bo`lgan “Maydanak” observatoriyasi hamda 14-asr yodgorligi hisoblangan “Langar ota” masjidi butun dunyodan turistlarni jalb qiladi. Biroq ushbu ob`ektlarga olib boruvchi 38 kilometr yo`l ta`mirtalab bo`lgani uchun (40 milliard so`m zarur), Maydanakning salohiyatini to`liq ishga solib bo`lmayapti.

Endi, turistik salohiyati yuqori bo`lgan tumanlarning “master plani” ishlab chiqilib, zarur infratuzilma bilan ta`minlanadi, erlar tadbirkorlarga tayyor loyiha bilan auksionga chiqariladi. Bu ishlarni dastlabki bosqichda boshlashi uchun 200 milliard so`m ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar