Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tmoqda.
Majlisda dastlab “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o`qishda ko`rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan ayrim qonunlardagi “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi bo`yicha hisobga olish” tushunchalarini “doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish” tushunchalariga almashtirish, bir qator qonunlarda biometrik pasportga oid ishlatilayotgan tushunchalar kelgusida identifikasiyalovchi ID-karta bilan qo`llanilishi sababli ushbu qonunlarga identifikasiyalovchi ID-karta tushunchasi kiritilishi nazarda tutilgan.
Majlisda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik to`g`risidagi ma`lumotnomani rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini miqdorini belgilash, fuqaro identifikasiyalovchi ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o`z vaqtida murojaat qilmaganida, yaroqsiz holga keltirganda yoki yo`qotib qo`ygan taqdirda, ma`muriy javobgarlikka tortish masalasida yuzaga kelgan huquqiy bo`shliq bartaraf etilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qo`llash amaliyotida “doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olish”, “vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish” hamda identifikasiyalovchi ID-karta tushunchalari bilan bog`liq bo`shliqlarning bartaraf etilishiga olib keladi.
Majlisda qonun loyihasi ikkinchi o`qishda qabul qilindi.






