Yutub ijtimoiy tarmog`ida Moskva viloyatida sodir bo`lgan yong`in oqibatida halok bo`lgan O`zbekiston fuqarolari jasadlarini Vatanga qaytarishda muammolar yuzaga kelayotgani hamda buning uchun mablag` yig`ilayotgani haqida murojaat paydo bo`ldi.
Ma`lumot uchun, Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasi Pribrejnaya ko`chasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turar joyida 2021 yilning 13 noyabr kuni yuz bergan yong`in oqibatida ushbu vaqtincha turar joyda yashab kelgan mehnat migrantlari orasida 2 kishi jarohat olgan va 4 kishi vafot etgan.
Tashqi mehnat migrasiya agentligining bergan ma`lumotlarga ko`ra, vafot etganlarning barchasi O`zbekiston fuqarolari (Sh.A. 1969 y.t., E.U. 1998 y.t., Sh.K. 1987 y.t., A.R. 1998 y.t.), ammo, jasadlarni Vatanga qaytarish uchun qaysi jasad qaysi shaxsga tegishli ekanini aniqlash talab etiladi.
Shuningdek, Rossiya Federasiyasi qonunchiligiga ko`ra, belgilangan tartibga muvofiq, davlat tashkiloti tomonidan o`tkaziladigan DNK tekshiruvi natijalari olingach, ya`ni, har bir jasadning shaxsi aniqlangandan keyin tergov qo`mitasi ruxsati bilan jasadlarni olib chiqib ketishning imkoni bo`ladi.
"Marhumlar qarindoshlaridan chet davlat qonunlari, tartib qoidalarini e`tiborga olishlarini hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan ularning ayni paytdagi hissiyotlaridan foydalanib, ommani chalg`itish, mablag` yig`ishga qaratilgan chiqishlar qilmasliklarini so`raymiz" deyiladi xabarda.






