Joriy yilning 10 dekabr kuni Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar bo`lib o`tdi. Mazkur tadbirlarda O`zbekiston va Rossiyaning bir gurux tarixchi, sharqshunos va olimlari ishtirok etdi. Unda O`zbekiston madaniy merosini asrash o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butunjaxon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, O`zbekiston Qaxramoni, olim va tarjimon Ibrohim G`afurov, O`zbekistonning Sankt Peterburg shahridagi konsuli Alisher Babaev, navoiyshunos olimlardan Shuhrat Sirojiddinov, Aftondil Erkinov, Sultonmurod Olim, Olimjon Davlat, Burobiya Rajabova, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari instituti direktori Irina Popova va boshqalar Navoiy merosining bugungi kundagi ahamiyati, uning insonparvarlik g`oyalari, navoiyshunoslar jasorati xususida so`z yuritishdi.
Buyuk mutafakkir ijodi asrlar davomida butun insoniyatni ezgulikka, tinchlik va do`stlikka da`vat etib kelgan. Shu bois, hatto eng og`ir damlarda Alisher Navoiy merosi insonlar qalbida yorug` kunlarga umid uyg`otgan. 1941 yilning 10 dekabr kuni Ikkinchi jahon urushining eng mudhish damlarida, Leningrad (xozirgi Sankt-Peterburg) dahshatli qamal iskanjasida qolgan paytlarda Davlat Ermitajida Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan ilmiy-anjuman o`tkazilgan.
Qamalda qolgan shahar
Ma`lumki Adolf Gitler boshchiligidagi nasistlar Germaniyasi 1941 yilning 22 iyunida Sovet Ittifoqiga hujum boshladi. Gitlerning rejasiga ko`ra, birinchi navbatda Er yuzidan yo`q qilinishi kerak bo`lgan sovet shaharlaridan biri, shubhasiz Leningrad edi. U kattaligiga ko`ra, ittifoqning ikkinchi yirik shahri sanalar, bu erda uch milliondan ortiq aholi istiqomat qilardi. Leningrad ittifoqning harbiy va iqtisodiy jihatdan katta ahamiyatga ega bo`lgan markazlaridan hisoblanardi.
Shu bois, hujumning dastlabki kunlaridanoq Leningradni egallasha va uni er bilan yakson qilishga kirishiladi. 1941 yil 8 sentyabordan boshlab, shahar nemislar va ularning ittifoqchilari tomonidan qurshovga olinadi. Ammo leningradliklar so`ngi tomchi qonlari qolguncha shaharni himoya qilishga bel bog`lashadi.
Qamal sharoitida shaharda ahvol kun sayin og`irlashib borar, har kuni dushman kuchlarining havo hujumlari oqibatida o`nlab insonlar hayot bilan vidolashardi. Ayni 1941 yilning qish kunlari boshlanishi bilan ahvol yanada og`irlashadi. Shahardagi oziq-ovqat zahiralara tugab borar, jon boshiga bir necha gramm non berilar, kanalazisiya, elektr va issiqlik ta`minoti tamomila izdan chiqqandi. Birgina o`sha yilning dekabr oyida 50 mingdan ortiq tinch aholi vakillari ochlik qurboniga aylanadi.
1941 yil, 10 dekabr...
G`arbiy Evropada ikkinchi jahon urushi tobora alanga olayotgan bir paytda 1941 yil 12 mart kuni Nizomiy Ganjaviyning 800 hamda Alisher Navoiyning 500 yilligini nishonlash haqidagi hukumat qarori imzolangan edi.
Leningrad dahshatli qamal iskanjasida qolganiga qaramasdan, buyuk mutafakkirlar tavalludi nishonlanaveradi. Jumladan Navoiy ijodiga bag`ishlangan ijodiy kechalar Leningrad ziyolilarining o`ziga xos jasorat namunasi bo`ldi.
10 dekabr kuni Ermitaj binosiga taklif qilingan shoir va olimlar, rassom va ziyolilar ochlikdan arang qadam tashlab, Navoiyning 500 yilligi yubileyiga etib kelishadi. Leningrad Farfor zavodi rassomi Mixail Mox, Ermitajnring sovuq xonalaridan birida, miltillab yonayotgan pech qarshisida o`tirib, Navoiyning 500 yilligiga bag`ishlangan chinni idishlarga rasm solardi. Bu idishlar hozirgacha Ermitajda saqlanadi.
Fashistlar shaharni damba-dam to`pga tutishar, bomba yog`dirishar, har daqiqada ochlik va hujum sababli o`nlab insonlar o`limga ro`baru kelardi. Buyuk mutafakkir Navoiy tavalludining 500 yilligi tadbirlarida I.Orbeli, N.Lebedev, E.Bertels, B.Piotrovskiy. I.Krachkovskiy, V,Rojdestvenskiy singari buyuk olimlar va adiblar ishtirok etishgan.
Navoiyxonlik orada tanaffus bilan 10-12 dekabr kunlari o`tkazilgan Tadbirning uchinchi kuni shoir va tarjimon Navoiyning “o`n sakiz ming odam oshubi...” deb boshlanadigan g`azalning ruscha tarjimasini o`qiy turib, gilam ustiga yiqilib tushgan va qaytib o`rnidan turmagan:
Uj tak chto je, kol v serdse miloy vosemnadsat tsyach smut,
Miloy tolko vosemnadsat, razve lyudi ne poymut...
Ushbu tadbirda mashhur sharqshunos olim Iosif Orbeli shunday degandi. “Bugun juda murakkab bir paytda Navoiy tavalludini nishonlayapmiz. Dushmanlar shaharni majolsiz va jonsiz deb o`ylayotgan bir paytda bu tadbirning o`tayotgani xalqning mardona ruhidan, uning bukilmas irodasidan darak beradi. Biz albatta g`alaba qozonamiz va tinchlik sharoitida Navoiy tavalludini munosib tarzda nishonlaymiz. Ammo dushman zambaraklari ostida o`tayotgan bu tadbir inson xotirasida abadiy qoladi. Hech narsaga qaramasdan she`riyat yashayveradi va uni hech qanday kuch mag`lub etolmaydi. Biz har doim uning maftunkor olamiga kirib boraveramiz”.
Ochlik va o`lim iskanjasida
– Dunyoning istalgan burchagida O`zbekistonga oid osori atiqalarni topish mumkin, – deydi O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butujaxon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov. – Xususan, buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy adabiy merosiga har doim, har erda alohida e`tibor va ehtirom bilan qaraladi. Ochig`i, Ikkinchi jahon urushining dahshatli damlarida ham Navoiy merosiga munosib ehtirom ko`rsata olgan leningradlik olimlar jasorati tahsinga sazovor. Tasavvur qiling, ana shunday murakkab, dahshatli kunlarda, ochlik va o`lim xavfi butun shaharni iskanjaga olgan bir paytda sankt-peterburlik olimlar Navoiy tavalludini nishonlashgan. Orbeli nutq so`zlayotganda ikki marta kuchli portlash yuz beradi, hamma derazaga qaraydi. Fashistlarning ikkita bombasi Neva daryosiga kelib tushgandi. Ammo shunga qaramasdan odamlar yig`ilishni tark etishmaydi, she`rxonlik davom etadi. Axir, bu chinakam qahramonlik emasmi? Bugungi tadbirlardan ko`zda tutilgan asosiy maqsad esa, ana shu merosning ahamiyatini yana bir karra namoyish qilishdan iborat. Olimlarimiz rossiyalik hamkasblari bilan tanishib, tajriba almashishdi, Sankt Peterburgdagi nodir qo`lyozmalar haqida ma`lumot olishdi, shu bilan birga bugungi Rossiyada Navoiy merosini o`rganish bo`yicha qilinayotgan ishlar haqida tushunchaga ega bo`ldik.
–Ochlik, muhtojlik, qahraton sovuq, turli kasalliklar butun shaharni iskanjaga olgandi, – deydi Davlat Ermitaji rahbari Mixail Piotrovskiy. – Marhum otam ham Boris Piotrovskiy o`sha yillarda Ermitajga rahbarlik qilgan, undan qamal dahshatli, o`sha paytda bu erda o`tkazilgan navoiyxonlik haqida ko`p eshitganman. Shahar fashistlar tomonidan qamalga olingan, dushman har lahzada shahar ustiga ajal yog`dirishi mumkin edi. Ammo, olimlar Navoiyga bo`lgan hurmat tufayli o`z jonini xatarga qo`yib bo`lsa-da, majlisga etib kelgan. O`shanda butun shaharda chiroq o`chgan bo`lsa-da, Ermitajda elektr ta`minoti uzilmagan. Neva daryosidagi, bir paytlar imperatorga tegishli bo`lgan “Qutb yulduzi” yaxtasidan tok ulab, Ermitajning chiroqlari va mufel pechlarini yoqishgan. Leningrad farfor zavodi rassomi Mixail Mox miltillab yonayotgan pech qarshisidan o`tib, ochlikdan qaltirab, yubiley bag`ishlangan chinni idishlarga Navoiy suratini chizgan. Ushbu idishlar hozir ham Ermitajda saqlanadi.
2021 yil, 10 dekabr
...Yana Sankt-Ptereburg, yana qishning izg`irin kunlaridan biri, Yana Ermitaj va navoiyxonlik. Faqat oradan sakson yil o`tgan. Urush, ochlik va qamal shaharning unutilmas, qonli va shonli o`tmishiga aylangan. Shaharni oppoq qor qoplagan, ne-ne suronli kunlarning guvohi bo`lgan Neva ham muz ko`rpasi ostida sokin mudraydi. Ammo shaharda hayot qaynaydi.
Buyuk shoirning 580 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bu galgi tadbir tinch va osoyishta sharoitda, fayzli va tarovatli kechdi. Navoiy ijodidagi insonparvarlik g`oyalari, Rossiyada saqlanayotgan Navoiy qo`lyozmalari, Hirot adabiy muhiti haqida ma`ruzalar o`kildi. Rus va o`zbek tillarida Alisher Navoiy ijodidan namunalar tinglandi.
–Bu safar biz, navoiyshunoslar uchun ham g`oyat foydali bo`ldi, – deydi filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov. – Sakson yil oldin o`tkazilgan Navoiy yubileyi xususida eshitgandik, ammo bu erga kelib, ushbu tadbir qanchalikning ana shunday murakkab sharoitda o`tkazilishi chinakam mardlik, Navoiyga, adabiyotga bo`lgan beqiyos ehtirom namunasi bo`lganini tushunib etdik.
Tadbirda O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq artisti Munojot Yo`lchieva ijrosida Navoiy g`azallari bilan aytiladigan qo`shiqlar ijro etildi.
Rustam Jabborov






