Davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish bo`yicha Prezident qarori (PQ–43-son, 10.12.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, 2022 yildan boshlab har yili:
➖ 1 aprelgacha joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasining holati, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurati va ularning joylashuvi, shuningdek, ushbu masalalar bo`yicha keng jamoatchilik fikri o`rganiladi;
➖ 1 maygacha loyiha-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun zarur mablag`lar buyurtmachilar kesimida shakllantiriladi;
➖ yil yakunigacha kelgusi yillar uchun Dastur tasdiqlanib, unga kiritilgan loyihalar bo`yicha tanlov (tender)lar e`lon qilinadi. Bunda, Dasturga loyiha (loyihaoldi) hujjatlari ekspertizadan o`tkazilmagan loyihalar kiritilishiga yo`l qo`yilmaydi.
✅ 2022 yil 1 yanvardan konsolidasiyalashgan byudjet mablag`lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
🔹 moliyalashtirish manbai aniq bo`lmaganda;
🔹 loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo`lmaganda yoki ular qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlanganda, ya`ni parallel ravishda olib borilganda;
🔹 pudratchi (loyihachi) tashkilotlar tanlov (tender) o`tkazilmasdan tanlab olinganda.
Qarorga ko`ra, Davlat dasturlari shakllantirilishi va ijro etilishini, shuningdek, ushbu dasturlar doirasida mablag`lar maqsadli ishlatilishini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etiladi.
➡️ Bunda Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo`yicha respublika shtabi, hududiy shtablar hamda tuman (shahar) shtablari tuziladi.
Loyihalar tashabbuskorlari faoliyatida “Byudjet nazorati” elektron dasturidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Qarorga ko`ra, Bosh prokuratura tuzilmasida Qurilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo`limi tashkil etiladi.
Shuningdek, xatlovdan o`tkazilgan ob`ektlarning, shu jumladan kadastr raqami hamda pasportini o`z ichiga olgan yagona elektron ma`lumotlar bazasini shakllantirish tizimi yaratiladi.
2022 yil 1 iyungacha ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa sohalar uchun yangi zamonaviy idoraviy qurilish normalari joriy etiladi.






