O`zbekiston rahbarining 2020 yil 8 avgustda qabul qilingan “2020-2021 yillarda Farg`ona viloyatining So`x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Farg`ona – So`x – Farg`ona yo`nalishida muntazam aviaqatnovlar yo`lga qo`yilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 12 dekabr kunidan boshlab “Humo Air” aviakompaniyasi Farg`ona – So`x – Farg`ona yo`nalishida dastlabki bosqichda haftasiga ikki marotaba yo`lovchi tashuvlari uchun muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.
Parvozlar haftaning dushanba va juma kunlari Farg`ona – So`x yo`nalishida soat 10:00da va So`x – Farg`ona yo`nalishida soat 12:00da bajarilishi rejalashtirilgan.
Aviaqatnovlar AN-2 samolyotlarida amalga oshiriladi. Uning davomiyligi 30 daqiqani tashkil etadi.
"Yo`lovchilar aviachiptalarni Farg`ona, Andijon va Namangan aeroportlari hamda So`x tumani hokimiyati binolarida xarid qilish imkoniyatiga ega",-deya ma`lum qilinadi xabarda.






