Farg`ona viloyati Qo`qonboy qishlog`ida 2021 yilning 11 may kuni o`z ayoli va farzandini o`ldirgan er sud qilindi. Bu haqda Zamon informasion dasturi xabar qildi.
Aniqlanishicha, hodisadan bir kun avval er va ayol o`zaro janjallashib qolgan. Oila boshlig`i uyda yig`ib qo`yilgan puldan 500 ming so`mini olib, dorixonaga chiqib ketayotgan vaqtda ayoli kech bo`lganda ko`p pul ko`chaga chiqib ketayotgani uchun eriga e`tiroz bildirgan. Ayol erining erkaklik sha`niga dog` tushiruvchi uyatli so`zlar bilan haqorat qilgani uchun erining g`azabi qo`zigan.
Erkak ayoli va farzandini qasddan o`ldirish maqsadida yashab turgan uyning hovlisida bolta dastasiga mo`ljallangan tayoq bilan ayoli va voyaga etmagan 13 yoshli farzandining bosh qismi va boshqa sohalariga o`ta shafqatsizlik bilan ko`p marotaba urib, ularga hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir jarohatlarni etkazib, qasddan o`ldirgan.
Sudlanuvchi Yu. o`z qo`llari bilan o`ldirgan rafiqasi uning ikkinchi turmushi ekani va u bilan turmush qurgan paytdan boshlab o`zaro murosaga kela olmagani uchun ichkilikka ruju qo`ygani va xotini uni bunday qaytarish uchun ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ham yotqizganini ma`lum qilgan. Shuningdek, er marhuma ayolini buzuqlikda ayblab, voyaga etmagan farzandini o`zining farzandi emaslik gumoni ostida yashab kelgan.
Sud qaroriga ko`ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» va «j» (o`ta shafqatsizlik bilan ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o`ldirish) bandlari bilan aybli deb topilib 22 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.






