AsosiyJamiyat

Ipoteka krediti bo`yicha subsidiyalarni to`lashda kvartira maydonining eng ko`p me`yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi

'Ipoteka krediti bo`yicha subsidiyalarni to`lashda kvartira maydonining eng ko`p me`yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi'ning rasmi

“Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–33-son, 09.12.2021 y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2021 yil 10 dekabrdan:

➖ daromadi yuqori bo`lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo`yicha subsidiyalarni to`lashda kvartira maydonining eng ko`p me`yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;

➖ dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – qat`iy belgilangan 32 million so`m miqdorida, foiz to`lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – birinchi 5 yil davomida 10 foizdan oshgan qismiga to`lanadi;

➖ subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko`p miqdoridan oshgan taqdirda ham to`lanadi. Bunda, kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko`p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o`z mablag`lari hisobidan to`lanadi;

➖ fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo`lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi.

Shuningdek, farmonga ko`ra, elektron onlayn-auksion g`oliblariga er uchastkasi qiymatining 30 foizini auksion yakunlangan kundan boshlab 5 ish kunidan kechiktirmay, qolgan qismini 12 oy davomida teng miqdorda foizsiz bo`lib-bo`lib to`lash huquqi beriladi.

 2022 yil 1 yanvardan pudrat tashkilotlari davlat ro`yxatidan o`tkazilgan qurilishi tugallanmagan, tom yopish ishlari bajarilgan ko`p kvartirali uy-joylarni kredit ta`minoti sifatida garovga taqdim etishi mumkin.

2023 yil 1 yanvargacha sement mahsuloti (TIF TN kodi 2523) va energiya tejamkor bazalt qoplamalari (TIF TN kodi 6806 1000 08) importida bojxona bojining nol stavkasi qo`llaniladi.

Bundan tashqari, 2022 yilda xotin-qizlar, nogironligi bo`lgan shaxslar, etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga 1 000 ta kvartira sotib olish choralari ko`riladi.

 Farmonga ko`ra, 2022 yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun jami 43 mingta ipoteka kreditlari ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar