“Yangi O`zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–32-son, 09.12.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Farmonga ko`ra, tuman (shahar) markazlariga yaqin va uy-joyga talab yuqori bo`lgan hududlarda jami 29 ta “Yangi O`zbekiston” massivlari quriladi.
Mazkur massivlarda 619 ta uy-joy (21 ming 321 xonadon), 18 ta maktab, 24 ta bog`cha, 15 ta tibbiyot muassasasi barpo etiladi.
Bunda:
● ko`p qavatli uy-joylarning qurilish osti er uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida sotiladi;
● uy-joylarga tutash er uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi;
● massivlarda tashkil etiladigan ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarini qurish uchun er uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali mulk va ijara huquqlari asosida realizasiya qilinadi;
● elektron onlayn-auksionda g`olib deb topilgan tadbirkorlar ko`p qavatli uy-joylar qurilishi uchun “SSS” va undan yuqori reytingga ega qurilish tashkilotlarini jalb qilishi mumkin.
Farmonga ko`ra, qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan past rentabelli 489 gektar er maydonlari “Yangi O`zbekiston” massivlarini qurish uchun aholi punktlarining erlari hamda sanoat maqsadlariga mo`ljallangan erlar toifasiga o`tkaziladi.
2023 yil 1 yanvargacha toifasi o`zgarayotgan sug`oriladigan er uchastkalari maydonining 5 baravari miqdorida yangi erlar o`zlashtiriladi.
Farmonga ko`ra, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarning bo`sh turgan er uchastkalarida ham uy-joylarni qurish davom ettiriladi.






