“Og`ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–736, 09.12.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qonun bilan “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan qo`shimchalarga ko`ra:
️ Fuqarolar yig`iniga – xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq o`tkazgan va zo`ravonlik sodir etgan yoxud bunday ishlarga moyil bo`lgan shaxslarni aniqlashda, ushbu shaxslar bilan olib boriladigan profilaktika ishlarida ishtirok etish vakolati;
Fuqarolar yig`ini raisiga – tazyiq va zo`ravonlikka uchragan hamda bu haqda murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, mazkur faktlar to`g`risida tegishli ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazlariga hamda ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berish vakolati berildi.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi Qonunga kirtirilgan qo`shimchalarga ko`ra:
- Mehnat organlari tomonidan oilaviy muammolarga va zo`rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini ta`minlash va kasbga yo`naltirishga ko`maklashish;
- Sog`liqni saqlash organlari tomonidan tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlanuvchilarga va ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam ko`rsatish, ularni tibbiy ko`rikdan o`tkazish, shuningdek tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlanuvchilarni bepul davolash choralari ko`riladi.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






