Senat raisi kuni kecha bo`lib o`tgan majlisda ota-onalarga murojaat bilan chiqdi. Narbaeva o`qituvchilarni hurmat qilishga chaqirib, shunday dedi:
"Barchamiz – onamiz, otamiz va o`z farzandlarimiz ta`lim-tarbiyasi uchun mas`ulmiz. Lekin tan olib aytishimiz kerak, bugungi o`quvchi ham, ota-onalar ham kechagi emas",-deya ta`kidlaydi u.
Xususan, maktablarda erkak o`qituvchilarning kamayib ketgani ham katta muammo ekanligini aytadi.
"Farzandining arzimagan shikoyati uchun maktabga yugurib kelib o`qituvchiga "tashlanish"dan ko`pchilik ota-onalar uyalmay qo`ydi. Bu esa jamiyatda o`qituvchi maqomining obro`sizlanishiga olib kelmoqda.
Hurmatli ota-onalarga murojaat qilmoqchiman: farzandim hayotda o`z o`rnini topishda qiynalmasin, mustaqil fikrli, mulohazali inson bo`lib voyaga etsin desangiz bolangiz qalbida o`qituvchiga ehtirom hissini tarbiyalang va o`zingiz ham ustozlarni e`zozlang",-deya ogohlikka chaqiradi Senat raisi.
U so`zining yakunida o`qituvchi o`quvchi yoki uning ota-onasi tomonidan oyoqosti qilinadigan odam emas, balki ziyo tarqatuvchi inson, kerak bo`lsa hammadan bir pog`ona yuqori turuvchi shaxs ekanligini alohida aytib o`tgan.






