AsosiyJamiyat

Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisi 15 dekabr kuni o`tkaziladi

'Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisi 15 dekabr kuni o`tkaziladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisini 2021 yil 15 dekabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o`tkaziladigan yalpi majlisda quyidagi masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan:

  • “2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi, 
  • “Inson a`zolari va to`qimalarining transplantasiyasi to`g`risida”gi,
  • “Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi,
  •  “O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 245 va 2458-moddalariga o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “
  • Tadbirkorlar kunini belgilash to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

 

Bundan tashqari, 

  • O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yil to`qqiz oyidagi ijrosi,
  •  Toshkent shahar hokimining hududlarni rivojlantirish, Qoraqalpog`iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha belgilangan chora-tadbirlar ijro etilishining borishi yuzasidan hisobotlar eshitiladi.

 

Yalpi majlisda eksport hajmining barqaror o`sishini ta`minlash va uning nomenklaturasini diversifikasiyalash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar hamda Aydar-Arnasoy ko`llar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga ta`siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovlari yuborish masalalari ham ko`rib chiqiladi.

Shuningdek, senatorlar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini muhokama qiladi.

Parlament yuqori palatasining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasining 2020 yil va 2021 yilning o`tgan davridagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini ham eshitish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Kengash majlisida Orolbo`yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarning ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish haqida qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar