Xonanda Kanizaning 28 aprel kuni «Istiqlol» san`at saroyida bo`lgan konsert dasturi ko`pchilikning tiliga tushdi — uni konsertdan kuyov olib ketdi.
Kanizaning konsertida mehmon bo`lgan aktrisa Shahzoda Muhamedova Instagram’dagi sahifasiga kelinning sahnadan tushib, zaldan chiqishi tasvirlangan videolavhani e`lon qildi, deb xabar beradi “Daryo” nashri.
“Kanizani tug`ilgan kuni va konsertida go`shangada kelin qilib uzatib yubordik. Faqat kelinni uyidan emas, xalq orasida — ‘Istiqlol’ saroyidan chiqardik. Hamma hayratda, lekin kelin haqiqatan ham limuzinga o`tirib, kuyov bilan ketdi”,—deb yozadi aktrisa.
“Nima ham derdik, hamma xohlaganicha orzu-havas qiladi. Shu, men ham to`yimni Alisher Navoiy nomli kinosaroyda o`tkazib yuborsammikin, deb o`ylab turibman. Bir yo`la filmim premerasi bilan bitta bo`lib o`tib ketar edi”, — dedi Shahzoda Muhamedova.

“Shunday bo`lsa ajabmas. Yaxshi niyat bu ham”, — deya qo`shimcha qildi aktrisa.





